Tahlil: Jamiyat taraqqiyoti ham, iqtisodiy yuksalish ham ta’lim rivojiga bog‘liq

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda Islomobod universiteti professori Farrux Salimning islom olami va boshqa dindagi xalqlarning ta’lim sohasidagi ahvolining qiyosiy tahlili e’lon qilindi. Shunga asoslanib, bu boradagi ayrim fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.

Bugungi kunda dunyoda musulmonlar 1 mlrd. 476 mln. 250 kishini tashkil qilmoqda. Ularning 1 milliardi (67,7 foiz) Osiyoda, 400 millioni (27,1 foiz) Afrikada, 44 millioni (3 foiz) Yevropada, 6 millioni (0,4 foiz) Amerikada. Qolgan 26 ming 250 mingtasi (1,8 foiz) boshqa hududlarda yashaydi. Ko‘rinib turibdiki, musulmonlar asosan Osiyoda yashaydi. Aslida tarixda ham shunday bo‘lgan.

Bugungi kunda dunyo aholisining har 5 tadan 1 nafari musulmon. Har bir budda sig‘inuvchisiga 2 nafar, har bir hinduga ham 2 nafar, har bir yahudiyga 100 nafar musulmon to‘g‘ri keladi. Ushbu ma’lumotlardan ham ko‘rinib turibdiki, dunyo miqyosida har beshta yirik ixtirodan bittasi musulmonlarga to‘g‘ri kelishi kerak. Ammo ahvol bu ko‘rsatkichga yaqinlashmayayotganligi achinarli hol. Bunga asosan ta’limdagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda. Bir paytlar dunyo tamadduni beshigini tebratgan musulmonlar keyingi asrlarda ta’lim sohasida ancha pasayib ketdi. 

Xalqaro Islom Hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat a’zo bo‘lib, ularda 500 ta universitet mavjud ekan. Bu degani har uch million musulmonga bitta universitet to‘g‘ri kelishini (1476250/500 = 2952,5 ming) bildiradi. Ushbu ko‘rsatkich boshqa davlatlarda 4-5 barobar yuqori. Masalan, AQShda 5578 ta universitet bor. Bu yerda har 57 ming aholiga bitta universitet to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda bugungi kunda bitta oliy o‘quv yurtiga 330 ming aholi to‘g‘ri keladi. Bundan uch yil muqaddam ushbu ko‘rsatkich 550 mingtani tashkil qilar edi. Bu borada rivojlangan mamlakatlardan 5-6 marta orqadamiz. Prezidentimiz ta’lim sohasi bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar safiga kirishimiz lozimligini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda. Shunday ekan, mazkur sohada islohotlarni tezlashtirish lozim.

Dunyo reytingi bo‘yicha 500 ta ilg‘or universitetning hammasi xristian va boshqa dindagi davlatlar universitetlari, bularning tarkibiga professor Farrux Salimning ma’lumoti bo‘yicha, birorta ham musulmon mamlakatlari OTMlari kirmagan.

Aholisi xristianlardan iborat davlatlarda o‘rtacha savodxonlik darajasi 90 foizni tashkil qilar ekan. Musulmon davlatlarda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 40 foizga teng, xolos. Aholisi faqat xristianlardan iborat bo‘lgan 15 ta davlatda savodxonlik darajasi 100 foizni tashkil qiladi. Aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlarning birortasi 100 foizlik savodxonlik darajasiga ega bo‘lgani yo‘q. Musulmon mamlakatlarida, xususan, Pokistonning eksporti tarkibida yuqori texnologiyaga asoslangan tovarlarning ulushi 1 foizni tashkil qiladi. Saudiya Arabistoni, Marokash, Quvayt, Jazoir, Marokko kabi mamlakatlarda bu ko‘rsatkichning miqdori 0,3 foiz. Yana shuni qayd etish joizki, asosiy musulmon mamlakatlarida eksportning 60-65 foizi qishloq xo‘jalik mahsulotlari bo‘lsa, aholisi xristian bo‘lgan davlatlarda xuddi shunday hajmni sanoat mahsulotlari tashkil qiladi.

Aholisi xristianlardan iborat davlatlarda 98 foiz aholi o‘rta maktabni tugatadi, musulmon mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 50 foiz. Aholisi xristian davlatlarda maktabni bitirganlarning 40 foizi oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydi. Musulmon davlatlarda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil qiladi.

Natijada har 1 million aholiga to‘g‘ri keladigan olimlarni ham qiyoslash mumkin. Hozir dunyo miqyosida 1 million aholiga 230 nafar olim to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQShda 4000, Yaponiyada 5000 nafar.

G‘arb davlatlarida mamlakat yalpi ichki mahsulotning 5 foizi ta’limga sarflanadi. Musulmon mamlakatlarida bu ko‘rsatkich atigi 2 foiz.

Aholi jon boshiga kitoblarni nashr qilish bo‘yicha ham musulmon mamlakatlar orqada. Buyuk Britaniya aholisi 65 million kishi. Bir yilda 173 mingta yangi kitob nashr qilinadi. 1 mln. aholiga 2,7 mingta (173 ming/65 mln.) kitob to‘g‘ri keladi. AQShda bir yilda 339 ming turdagi kitoblar nashr qilinadi. Uning aholisi 330 mln. kishini tashkil qiladi. 1 mln. aholiga 1027 ta kitob (339 ming/330 ming) nashr qilinadi. Misrda esa ushbu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 20 ta.

Bizda ushbu ma’lumotlar e’lon qilinmagan, ammo ahvol Misrga nisbatan mantiqiy nuqtai nazardan ancha yaxshi. Biroq, rivojlangan mamlakatlarga nisbatan hali ancha orqadamiz. Bu raqam bilimni ishlab chiqarish va uni aholiga tarqatish bo‘yicha hali qilinadigan ishlarimiz ancha ko‘pligidan dalolat. Juda ko‘p kitoblarimiz 100 nusxada chop qilinadi. Bu ham muallif hisobidan amalga oshiriladi. 34 millionlik aholiga bo‘lsak 340 ming kishiga bitta kitob to‘g‘ri keladi. Bu bilan qanday qilib bilimni odamlarimiz ongiga singdirish mumkin. Bundan tashqari, eng ko‘p kitob chiqaradigan mamlakatdan 20 tasi ro‘yxati e’lon qilindi. Tabiiyki, ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston yo‘q.

Qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston aholisi 2019 yil ma’lumoti bo‘yicha 18,5 mln. kishini tashkil qiladi. Bir yillik YaIMning hajmi 175 mlrd. AQSh dollarini tashkil qiladi. Aholi jon boshiga 9,5 ming AQSh dollari (175,0/18,5) to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich biroz kam. Qozog‘istonda ilmiy darajasi bor olimlar soni 16 ming kishini tashkil qiladi. 1156 aholiga bitta olim (18,5 mln. kishi/16 ming.) to‘g‘ri keladi. Ushbu mamlakatda jami 129 ta oliy o‘quv yurti mavjud, ularning 2/3 qismi xususiy oliy o‘quv yurtlaridan iborat. Bir million aholiga 6 ta oliy o‘quv yurti (129/18,5 mln.) yoki har bir oliy o‘quv yurtiga 143,4 ming aholi (18,5/129) to‘g‘ri keladi. Bu borada ham biz hozircha qo‘shnimiz - Qozog‘istondan 2 barobar orqadamiz.

Odamlarimiz ham hozir kitobni juda kam o‘qiydigan bo‘lib qolgan. Chunki hammani ijtimoiy tarmoqdagi axborotlar band qilib tashladi. Bejiz Prezidentimiz 5 tashabbusning birida kitobxonlikni rivojlantirish masalasini qo‘ygan emas. Bilimni kitobsiz egallab bo‘lmaydi, bilimsiz birorta texnologiyani yangilab, taraqqiyotga yangi texnologiyasiz erishib bo‘lmaydi. Aholining farovonligini esa taraqqiyotsiz ta’minlash mushkul. Aholi farovon bo‘lmasa, uning yashash darajasi va sifatini oshirishning aslo imkoni yo‘q. Agar bularga erishmasangiz, aholi davlatdan, hatto o‘zining hayotidan ham rozi bo‘lmaydi. Rozilik bo‘lmagan joyda muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat yo‘q joyda millat, xalq tanazzulga yuz tutadi. Bunday sharoitda yashashning o‘zi murakkablashib qoladi.

Ilm yuksak rivojlangan joyda mamlakatning iqtisodiy qudrati ham yuqori bo‘ladi. Xalqaro Islom Hamkorlik tashkilotining ma’lumotlariga nazar tashlasak, ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Ushbu tashkilot tarkibiga 57 ta mamlakat kirar ekan. Ularning bir yillik YaIM hajmi 3 trillion AQSh dollarini tashkil qiladi. Bu aholi jon boshiga 2032,2 AQSh dollaridan (3 trln. AQSh dollari/1476250) to‘g‘ri keladi. AQShda bir yilda 19 trillion AQSh dollari hajmida YaIM ishlab chiqariladi. Aholining soni 2018 yil ma’lumoti bo‘yicha 330 mln. kishini tashkil qiladi. Bunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning miqdori 57,6 ming AQSh dollariga (19 trillion AQSh dollari/330 mln kishi) tengdir. Xitoyda 1 mlrd. 430 mln. aholi yashaydi. Mamlakat YaIM hajmi 2018 yilda 13,6 trillion AQSh dollarini tashkil qilgan. Bu aholi jon boshiga 9,5 ming AQSh dollariga (13,6 trillion AQSh dollari/1430 mln.) teng degani.

Xalqaro Islom Hamkorlik tashkiloti tarkibiga 57 ta mamlakatning bir yilda ishlab chiqargan YaIM hajmi 3 trillion AQSh dollarini tashkil qilgan bir pallada birgina Germaniyaning bir yillik YaIM 3,5 trillion AQSh dollariga tengligini ko‘ramiz. Bu nimadan dalolat? Bu - hozirgi paytda musulmon mamlakatlarida zamonaviy ilm-fan orqada qolib ketganligidan dalolat. Shu tufayli bu yerda YaIM asosan qo‘l mehnati va mexanizatsiyalashgan mehnat bilan yaratiladi, xolos.

Mamayunus Pardayev,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.

Sevara Bobonazarova, institut katta o‘qituvchisi.