Tajriba tariqasidagi agrosanoat zonasi. Unda qanday mahsulotlar ishlab chiqariladi?

 

 

GIDROPONIKA ODATIY ISSIQXONADAN QANChALIK SAMARALI?

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 gektar maydonda oddiy usuldagi issiqxona qurish uchun 100-120 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanadi. Shuncha maydonga gidroponika usulida zamonaviy issiqxona qurish uchun esa 500-550 ming AQSh dollari zarur bo‘ladi va 50 yil kafolatli xizmat qiladi. Xo‘sh, bu usuldagi issiqxonalar qanchalik afzal?

Odatiy usuldagi issiqxonalarda ekinlar yerga ekiladi va 5-6 yilda yerdagi makro va mikro elementlar pasayadi, qolaversa, yer ostida ko‘p yillardan buyon saqlanayotgan kasalliklar ham ekin rivojiga salbiy ta’sir qilishi mumkin, – deydi "Daromad baxt omad" mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Ilyos Niyozov. – Bundan tashqari, tuproqning holatiga qarab, ekinlar birdek o‘smasligi, yerosti suvlarining joylashuviga qarab, o‘simlikning tomiri rivojlanmasligi va maydonni turli begona o‘t bosishi natijasida hosildorlikka sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Gidroponika usulida esa ekinlar yerdan 50-60 santimetrgacha balandlikda maxsus joyda substratga, ya’ni Tailand, Indoneziya yoki Hindistondan keltiriladigan linivata va kokos po‘stlog‘iga ekiladi. Bu usulning yana bir afzal tomoni, issiqxonani toshloq, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlar, cho‘l hududlarda hattoki, betonlangan maydonda ham qursa bo‘ladi. O‘simlikka beriladigan barcha mineral o‘g‘itlar tomirdan suv orqali berilishi hisobiga ishchi kuchi va suv sarfi bir necha barobarga kamayadi, begona o‘t o‘smaydi.

Biz 2016 yilda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan toshloq joydan 6 gektar yer olib, 2,5 gektar maydonda gidroponika usulida va 3,5 gektarda odatiy usulda issiqxona qurdik. Buning uchun MAR liniyasi orqali 700 ming AQSh dollari miqdorida kredit oldik va 450 ming dollar miqdorida o‘z sarmoyamizni sarfladik. O‘tgan yili issiqxonaga pomidor ekib, 180 tonnaga yaqin hosil oldik va 60 tonnasini Qozog‘istonga eksport qildik. Daromad hisobidan joriy yilda 600 tonnalik sovutkichli omborxona qurib, ishga tushirdik. Yil so‘ngigacha Xitoydan zamonaviy uskuna keltirib, plastmassa qutilar ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirmoqchimiz. MAR liniyasi orqali 2 million dollar kredit olish uchun ariza berganmiz. Ushbu mablag‘ evaziga yana 3,5 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona qurishni va 2019 yilda ishchilar sonini 150 taga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Mutaxassisning aytishicha, odatiy usuldagi issiqxonaning bir gektaridan 100-120 tonnagacha pomidor olinsa, gidroponika usulidagi issiqxonada pomidor, bodring hosili 300-350 tonnagacha yetishi mumkin ekan.

DASTURDA BELGILANGAN TOPShIRIQ BAJARILMADI. NEGA?

Prezidentimizning joriy yil mart oyidagi tashriflarida belgilangan vazifalarga ko‘ra, yer maydonimizni 10 gektarga yetkazishimiz va gidroponika usulidagi yangi issiqxonalar qurib, ishga tushirishimiz lozim edi, – so‘zida davom etadi. I.Niyozov. – Tuman hokimligi tomonidan yer ajratildi. Rejaga ko‘ra, may oyida MAR liniyasi orqali kredit ajratilishi, biz esa avgust oyigacha yangi issiqxonani qurib, sentyabrda ishga tushirishimiz kerak edi. Ammo hanuzgacha kredit ajratilgani yo‘q. Vaholanki, biz kreditni vaqtida olganimizda mavsum boshlanguncha issiqxonalarni qurib, ishga tushirib, 40 ga yaqin ish o‘rni yaratishimiz mumkin edi.

KREDIT OLOLMAYoTGANLAR YoLFIZ EMAS

Agrosanoat zonasidagi yana bir shunday issiqxonani "SAMARKAND SEOUL TRADE" mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mablag‘i hisobidan qurib, ishga tushirgan.

– O‘tgan ikki yil davomida issiqxonada pomidor ekib, hosilni ichki bozordan tashqari Rossiyaga eksport qildik, – deydi jamiyat direktori Ravshan Burxonov. – Bu yil issiqxonaga bodring ekib, 150-180 tonna hosil olish niyatidamiz. Faoliyatni kengaytirish maqsadida MAR liniyasidan 980 ming dollar kredit olib, yana ikki gektar maydonda gidroponika usulidagi issiqxona qurishni rejalashtirgandik. Ammo hanuzgacha mablag‘ ajratilmayapti.

 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

"Zarafshon" muxbiri.