Talabalar Finlandiya ta’lim tajribasi asosida o‘qitiladi
Samarqand shahrida O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ochilganiga ikki yil bo‘ldi. Bugun institutda matematika, fizika, kimyo, biologiya, boshlang‘ich ta’lim, maktabgacha ta’lim kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
2023-2024 o‘quv yilida qabul parametrlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 1295 ta, sirtqi ta’limga 675 ta, kechki ta’limga 225 ta, magistraturaga 130 ta kvota ajratildi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida oliy ta’lim muassasasi mas’ullari ma’lum qildi.
- O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti bugun jahonda tan olingan Finlandiya o‘qitish metodikasini O‘zbekiston ta’lim sohasiga tadbiq etish maqsadida ochildi, - dedi institutning birinchi prorektori Z.Mo‘minova. - Bugungi kunda institutimizda 5 ta fakultet, 17 ta ta’lim yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 6975 nafar birinchi va ikkinchi kurs talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu yil Finlandiyadan ikki nafar ta’lim ekspertlari kelib, institutimizdagi ta’lim dasturlari bilan tanishdi, pedagoglarga yangicha metodlarni qo‘llash borasida yordam berdi. Finlandiya ta’lim tajribasidan kelib chiqib, talabalarni kreaktiv fikrlashga undaydigan uchta yangi fanni o‘qitishni rejalashtirdik. Yildan yilga bu jarayon yanada takomillashtiriladi.
Shuningdek, institutda kvotaga qo‘shimcha ravishda imtiyozli o‘rinlar ham ajratilgan. Masalan, maqsadli qabulga 46 ta, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlarga 65 ta, mehribonlik uyi bolalariga 22 ta, besh yillik stajga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga 6 ta, nogironligi bo‘lgan shaxslarga 44 ta o‘rin ajratilgan. Bundan tashqari, viloyatlar kesimida taqsimlangan, xotin-qizlar uchun 46 ta imtiyozli o‘rin berilgan.
Xurshida ERNAZAROVA.