Talabalar tadbirkorlikka bepul o‘qitilmoqda

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida  «Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi» viloyat filiali tomonidan joylardagi uyushmagan yoshlar, mahallalardagi ishsiz aholi uchun bepul tadbirkorlik o‘quv kurslari o‘tkazilmoqda.

Tashkil etilgan kurslarda 115 nafar tadbirkorlik faoliyatiga qiziqqan tinglovchilar qatnashib, mustaqil biznes faoliyatini boshlash, biznes-reja tuzish, bankda milliy hamda xorijiy valyutada hisobvaraq ochish, kredit olish shartlari va tartibi hamda tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Haftalik mazkur kurslar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

- Markazimiz tomonidan 2019 yilda “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi asosida oliygohlarda to‘qqiz marotaba o‘quv kurslari tashkil etildi, - deydi «Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi» viloyat filiali rahbari  Nodir Bobokalonov. – O‘tgan kurslarda qatnashgan 338 nafar tinglovchidan 266 nafari maxsus sertifikat bilan taqdirlandi. Umuman, o‘tgan yil davomida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda 1000 nafardan ziyod tinglovchi o‘qitildi. Ularning 54 nafari o‘z biznesiga ega bo‘ldi, qolganlari faoliyatini kengaytirishga erishdi.