Talabalar yashash joyi sog‘lom ma’naviy muhitda, barcha qulayliklarga ega bo‘lishi kerak
O‘quv yili boshlanishi bilan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar va ularning ota-onalarini bir masala – turarjoy muammosi tashvishga soladi.
Talaba uchun boshpana bo‘ladigan bu maskan oliygohga kelib-ketishi uchun qulay, yozda salqin, qishda issiq, talabaning sifatli hordiq olishi, mustaqil dars qilishi uchun talab darajasida bo‘lishi lozim. Ota-onalar uchun talaba farzandi yashaydigan ijara uy barcha sharoitlarga ega, tinch, osuda bo‘lishi, bu masalada oliy o‘quv yurtlarining mas’ullari ham befarq bo‘lmasliklari kerak.
Yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tegishli chora-tadbirlar belgilanib, har bir talabani turarjoy bilan ta’minlash masalasi kun tartibiga qo‘yilgandi. Samarqand davlat chet tillar institutida ham talabalarni turarjoy hamda ijara xonadonlariga joylashtirish borasida samarali ishlar tashkil etilib, talabalar va ularning ota-onalarini qiynayotgan masalaga yechim topish borasida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirildi.
Eng avvalo, talabalar turarjoyi va ijara uylaridagi sharoitlar o‘rganib chiqildi. Talabalarni ijaraga qo‘yuvchi oila haqida mahalla fuqarolar yig‘inidan ma’lumotlar olindi. Maqsad – talabalar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarni turli yot oqimlar ta’siridan himoya qilish.
Ayni paytda Samarqand davlat chet tillar institutida 5 ta talabalar turarjoyi mavjud bo‘lib, jami 2020 o‘ringa moslashgan. Institutdagi talabalar soni 13469 nafarni tashkil etadi. Shundan 11051 nafari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladi. Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalardan birinchi navbatda chin yetimlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, boshqa viloyat va olis tumanlardan kelgan talabalardan 2020 nafarini talabalar turarjoyiga joylashtirish belgilangan. 4031 nafar talabamiz Samarqand shahri va yaqin atrofdagi tumanlardagi o‘z uyi va yaqin qarindoshinikida istiqomat qilishi aniqlandi. Turarjoyga ehtiyoji bor bo‘lgan talabalarni institutimiz joylashgan hududdagi mahallalarda ijara xonadonlariga joylashtirish reja qilindi va shu asosda ishlar tashkil etildi. Institut joylashgan hudud atrofidan 700 ga yaqin ijara xonadonlari borib o‘rganildi, aniqlangan kamchiliklar uyini ijaraga beruvchi fuqarolar tomonidan bartaraf etilib, tayyor holatga keltirildi. O‘quv yili boshlanishi bilan talabalar ijara uylariga joylashdi.
Talabalar turar joyiga ehtiyoji 2024-2025 o‘quv yilida mavjud talabalar my.gov.uz portali orqali ariza topshirishdi hamda ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, turarjoy bilan ta’minlandi. Shuningdek, talabalarning xohish va istaklariga asosan ijara xonadonlariga joylashtirish choralari ko‘rildi. Shuni ta’kidlash joizki, institut tyutor va mas’ullari ijara xonadonlar joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari bilan butun o‘quv yili davomida talabalar turarjoylari hamda ijara xonadonlaridagi sharoit va muhitni to‘liq nazorat qilib bormoqda.
Talabalar turarjoyi hamda ijara uylari haqidagi barcha yangilik va ma’lumotlar haqida istitutimizning rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda axborot berib borish yo‘lga qo‘yilgandi. Institut mas’ullariga murojaat qilgan talabalar hamda ularning ota-onalariga imkon qadar javob berilib, muammolariga yechim topishga harakat qilinmoqda.
Hozirgi kunda ham talaba-yoshlarni ijara xonadonlariga va talabalar turarjoylariga joylashtirish borasida institut qoshida tashkil etilgan «Markaz» faoliyati davom etyapti. «Markaz» xodimlari institut joylashgan yaqin atrofdagi mahalla faollari bilan hamkorlikda zaxira ijara xonadonlarini topish ishlarini davom ettirmoqda. Call-markazimiz telefon raqamlari ham muntazam aloqada bo‘lib, talabalar hamda ularning ota-onalari murojaatlariga atroflicha javob berilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar institutida ta’lim sifatini yanada yaxshilash, talabalar hamda professor-o‘qituvchilarga zarur qulayliklarni yaratib berish maqsadida binolarni ta’mirlash va yangilarini barpo etish uchun ishlar davom etmoqda. Jumladan, talabalar uchun turarjoy qamrovini kengaytirish maqsadida davlat xususiy sheriklik asosida institutning Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 43-uydagi hududida 2 ming o‘rinli yangi o‘quv binosi bunyod etilib, bino barcha zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Yangi o‘quv yili boshida mazkur inshoot foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda institut mas’ullari va tyutorlar belgilangan rejaga muvofiq "Talabalar turarjoyi" va ijara uylarida bo‘lishib, ularning yashash sharoitlari bilan tanishmoqda. Mavjud muammolarni mas’ullar va ijara xonadon egalari bilan hamkorlikda bartaraf etayotir.
Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida institutda har chorshanba - mustaqil ijodiy ishlash kuni tashkil etilgan bo‘lib, o‘nlab sport va fan to‘garaklari faoliyat olib boryapti. Shuningdek, yotoqxonalarda ham turli to‘garaklar, kitobxonlik kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari «Samarqand viloyati shahar va tumanlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi»ning bayoniga asosan biriktirilgan Nurobod tumanidagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida institutning gumanitar fanlar, axborot texnologiyalari va pedagogika, psixologiya va jismoniy madaniyat kafedralarining professor-o‘qituvchilari ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishga amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Azamat KURAXMEDOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti birinchi prorektori.