Talabani sarson qilish adolatdanmi?

Bugun davlat granti asosida o‘qiyotgan, GPA ko‘rsatkichi 5,0 bo‘lgan, barcha topshiriqlarni vaqtida bajarayotgan talabalarga “Qayta grantga ariza topshiring, yo‘qsa, kontrakt bo‘lasiz”, “tadbirda volontyor bo‘ling”, “faol bo‘ling”, degan talablar qo‘yilmoqda.

(GPA - talabalarning fanlarni o‘zlashtirish darajasini o‘rtacha ball orqali ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich). Axir, bu talabalar shundoq ham yuqori bilim evaziga tanlab olingan emasmidi?

To‘g‘ri, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlar uchun grant olish yangi imkoniyat. Ular harakat qilishadi, hujjat tayyorlashadi, yaxshi o‘qiganini isbotlashadi. Lekin allaqachon grantga erishgan, yuqori baholarda o‘qiyotgan talabalardan yana ariza so‘rash adolatdanmi? Ayniqsa, viloyatdan kelgan, ijarada yashayotgan, oilasiga moddiy yuk bo‘lmaslik uchun kurashayotgan talaba uchun bu ruhiy bosim-ku.

Yana qayta ariza topshirish shartlari odamni ajablantiradi. Masalan, ball to‘plash uchun tadbirlarda suratga tushish, jamoatchilik ishlarida ko‘rinish berish kerak emish. Bu kabi holatlar bilimni emas, tashqi ko‘rinishni ustun qo‘yish emasmi?

Davlat granti ilmi, salohiyati, fidoyiligi bilan ajralib turgan talabalarga yo‘naltirilishi kerak. Ayniqsa, allaqachon grant asosida o‘qiyotgan talabalardan qayta ariza talab qilish, ularni yana o‘z haqligini isbotlashga majbur qilish – bu noto‘g‘ri.

Aksincha, grantlarni GPA ko‘rsatkichi asosida, fan olimpiadalari, ilmiy maqolalar, ilmiy loyihalar orqali baholash eng adolatli hisoblanadi.

GPA — talabaning o‘qiyotgan fanlarni qay darajada o‘zlashtirganini ko‘rsatuvchi o‘rtacha ball tizimi. Oddiy qilib aytganda, har semestrda olgan baholari hisoblanib, o‘rtachasi olinadi. Masalan, har bir fandan “5” baho olgan talabaning GPAsi 5,0 bo‘ladi.

Bu ko‘rsatkich shunchaki raqam emas, talabaning bilim darajasi, intilishi va mas’uliyatining aksi. Shu sababli ko‘plab grantlar, stipendiyalar aynan GPA asosida taqsimlanadi.

 Afsuski, hozir ayrim oliy ta’lim muassasalarida GPA 5,0 bo‘lishi ham yetarli emasdek, talabadan yana isbotlash talab etilyapti.

Grantga kirgan talabalarni doimiy arizalar, tadbirlar va jamoatchilik ishlarida “ko‘rinish” berishga majburlash - bu ularning bilimiga nisbatan ishonchsizlik. Har qanday baholash tizimi ilmiy yondashuvga, GPA va iqtidor natijalariga asoslangan bo‘lishi kerak. Shundagina o‘qigan va bilimi bilan ajralib turgan yoshlar o‘z mehnatidan faxrlanadi. Aks holda, grant faqat suratga tushishga “usta”lar orasida taqsimlanuvchi musobaqaga aylanib qoladi.

Aziza Muhiddinova.