Talabni buzgan oilaviy nodavlat bog‘chaga subsidiya berilmasligi mumkin
Bugungi kunda, oilaviy nodavlat bog‘chalariga davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiya mablag‘larini maqsadli ishlatish ustidan nazorat mexanizmi yaratildi.
Bu borada 2022 yil 2 avgustda Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 426-sonli qarori tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib, Maktabgacha ta’lim vazirligining nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida avtomatik ravishda hisoblab chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi.
E’tiborli jihati, hisobot oyida tarbiyalanuvchilarning o‘rtacha oylik davomati nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilar soniga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lganda ushbu oy uchun xodimlarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanmaydi.
Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, bugungi kunda tadbirkorlar quyidagi vazifalarni amalga oshirishlari kerak. Bunda axborot tizimiga bog‘chalarning hisob raqamlari, barcha xodimlari va tarbiyalanuvchilari to‘g‘risida ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Agar axborot tizimida bog‘chalarning ayrim tarbiyalanuvchilari o‘zining yoki bolalarning fotosurati o‘rniga boshqa bolalar yoki katta yoshdagi odamlarning rasmini qo‘ysa, mazkur davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT)ga uch oy davomida subsidiya to‘lovlari hisoblanmaydi va to‘lanmaydi. Bunday holat ikkinchi marta aniqlanganda ushbu DXSh asosidagi MTT bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bekor qilinadi va qayta tuzilmaydi.
Ma’lumot uchun: 2022 yil 1 sentyabr holatiga viloyatda 2 561 ta oilaviy nodavlat bog‘chalari mavjud bo‘lib, ularda 73 mingdan ziyod bog‘cha yoshidagi bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu ko‘rsatkich viloyatda umumiy bolalar sonining 33 foizini tashkil etadi.
Baxtiyor MAMIROV,
viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.