Ta’lim olish har bir kishining konstitutsiyaviy huquqi
Yangi Konstitutsiyamizda qator inson huquqlari qayd etilgan. Ularning eng muhimlaridan biri ta’lim olish huquqidir.
Xususan, Konstitutsiyaning 50-51-moddalari ta’limga bag‘ishlangan. Bu huquqiy normalarda mazmuni fuqarolarning ta’lim olish, bepul umumiy ta’lim olish va maktab ishlarini davlat tomonidan himoya qilinishini huquqini nazarda tutadi. Shuningdek, bu moddalarda Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta va oliy ta’lim qamrab olingan. 52-moddada esa o‘qituvchining davlat va jamiyat oldidagi darajasi belgilab berilgan va o‘qituvchilarning har qanday noqonuniy aralashuvdan himoyalanishi kafolatlangan huquqlarini qamrab olgan.
Hozirgi jadal texnik va texnologik taraqqiyot, fanlar, nazariyalar, dunyoqarashlarning jadal rivojlanishi sharoitida ta’limni tashkil etish va amalga oshirish jarayonlari uzluksizlikni, tizimli yondashuvni taqozo etadi.
Ma’lumki, mamlakatimizning barcha fuqarolari davlat ta’lim muassasalarida tanlov asosida davlat mablag‘lari hisobidan ta’lim olish huquqiga ega. Ya’ni, mamlakatimizda barcha fuqarolar millati, yoshi, dini va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, ta’lim olishda teng huquqlarga ega.
Aholisining katta qismi yoshlar bo‘lgan mamlakatimizda oliy ma’lumot olish xohishi bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etishi quvonarli hol, albatta. Oliy ta’lim dargohlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Ilgari barcha oliy ta’lim dargohlari davlat hisobida va ularning soni ham, qabul kvotalari ham cheklangan edi. Abituriyentlarning 10 foizi ham talaba bo‘la olmasdi. Bu esa imtihonlarning o‘ta murakkablashib ketishiga, turli korrupsion holatlarga sabab bo‘lardi. Eng achinarlisi, oliy ta’lim olishni hohlagan juda katta yoshlar qatlami bir chetda qolib ketardi.
Shu bilan birga, 50-moddaning ikkinchi bandida “Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi”, deyilgan. Mana shu norma ta’limni rivojlantirishga katta imkoniyat berdi. Bugungi kunda davlat oliy ta’lim dargohlari ham moliyaviy mustaqillikka erishib, imkoniyatlaridan kelib chiqib ta’lim kvotalarini oshirmoqda. Shu bilan xususiy, nodavlat oliy ta’lim muassasalari ko‘plab ochilmoqda.
Oliy ta’lim dargohlari o‘z ichki o‘quv ishlarini mustaqil boshqarish qobiliyati, talabalarni qabul qilish, o‘quv dasturlarining mazmuni, o‘qitish usul va uslublarini mustaqil ravishda shakllantirish va tashkillashtirish, ta’lim sifati nazoratini amalga oshirish kabi turli masalalarni o‘zlari mustaqil hal qilmoqdalar.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu holat ilm-fan rivojiga, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga, mamlakat ilmiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shunday jarayonda davlat kuchli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida sohalarda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga qarab kvotalar beradi va grantlar ajratadi. Biroq, bu grantlar soni cheklangan. Bunday imkoniyatga imtihonlarda yuqori ball to‘plaganlar erishadi.Davlat granti asosida o‘qigan talabalar bir necha yil davomida o‘zi tanlagan sohada ishlaydi, shu orqali davlatning sarf-xarajatini oqlaydi va jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirganlar ham davlat yordami bilan o‘qishlari mumkin. Nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni yildan yilga oshirib borilmoqda. Shu usul bilan davlat o‘zi tanlagan kasbi va mutaxassisligi bo‘yicha imkon qadar ko‘proq bilim olishga intilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular kelajakda jamiyatga kerakli kadrlar bo‘lib kelishi va davlatning ishonchi va mablag‘larini oqlashi lozim.
Yangi Konstitutsiyamizdagi ta’limga oid normalar fan va ta’limni tizimli rivojlantirish kafolatlarini nazarda tutadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi uchun muhim omildir.
Muhabbat Hayitova,
O‘zbekiston- Finlandiya pedagogika instituti o‘qituvchisi.