Ta’lim sifatining pasayishiga nimalar ta’sir etyapti?

Yurtimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ta’lim sifati haqida ko‘p gapirilyapti. Avvalo, ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va unga yechim topish kerak.

Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi iqtisod fani metodisti Ilhom Vafoyev fikr yuritadi.

- Viloyatimizdagi 1200 dan ziyod maktabdan 82 tasi sifat ko‘rsatkichi past maktablar ro‘yxatiga kiritilgan, -deydi I.Vafoyev. - Ularning 23 tasi Past Darg‘om, 22 tasi Urgut tumanida joylashgan. Umumta’lim muassasalari qaysi mezonlarga asoslanib bunday baholanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Mezonlar ko‘p, lekin ularning asosiysi, bu – maktab bitiruvchilarining oliygohlarga qabul qilinishi hamda jamoa a’zolarining yuqori malaka toifaga egaligi hisoblanadi.

Keling, mazkur holatni Past Darg‘om tumani maktablari misolida ko‘rib chiqaylik. 129 ta maktab orasidan ta’lim sifati yuqori emas deb topilgan maktablarning aksariyati tuman markazidan, sanoat zonalaridan olis hududlarda joylashgan bo‘lib, moddiy-texnik bazasi past ta’minlangan muassasalardir. Misol uchun, 38-maktab bundan 85 yil ilgari qurilgan bo‘lib, 2009 va 2017 yillarda qisman rekonstruksiya qilingan. 240 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda 700 ga yaqin o‘quvchi uch navbatda o‘qiydi. Hudud aholisi ko‘paygani sayin maktab rahbariyati kutubxona, hatto o‘qituvchilar xonasini o‘quv sinfiga aylantirgan. Shunga qaramasdan, o‘tgan o‘quv yilida 35 nafar bitiruvchidan 10 nafari oliygohlarga o‘qishga tavsiya etilgan.

Boshqa maktablarda o‘quvchilar soni bu darajada ko‘p emas, ularning asosiy qismida 250-300 o‘quvchi o‘qiydi. 25-30 kishidan iborat jamoalarda yuqori toifaga ega bo‘lishga intilish o‘ta past darajada. Shuningdek, fizika, biologiya, geografiya, kimyo, iqtisod, huquq darslari kamligi sababli o‘qituvchilarning yuklamasi yarim stavkadan oshmaydi, bu esa 1,2-1,5 million so‘m oylik maosh degani. 

Bugungi davr talabi har tomonlama savodli hamda zamonaviy texnika sir-asrorlarini chuqur biladigan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan. Ammo faoliyati tahlil qilinayotgan maktab bitiruvchilari ichida bu sohalarga qiziqish, kelajakda texnik kashfiyotlarni amalga oshirishdan darak beradigan narsaning o‘zi yo‘q.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, yuqoridagi muammolar ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish, shuningdek, o‘qituvchilarni ta’lim sifati darajasini oshirishga qiziqtirishni takomillashtirish kerak. Buning uchun umumta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga, kadrlar zaxirasini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli kompleks dasturlar ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, kam soat darsi bor o‘qituvchilarni ham qandaydir rag‘batlantirish, ularga imtiyozli xaridlar joriy etish kabi choralar ishlab chiqilishi kerak. Qachonki, o‘qituvchi o‘z kasbidan qoniqish hosil qilsa, u jon-jahdi bilan mehnat qiladi. Buning uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim.