Ta’lim tizimida umuman ishlamaydigan odamlarga yillar davomida oylik yozib kelingani aniqlangan

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘ninchi yalpi majlisda mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha manbaning aniqlanishi va sarflanishi masalalarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi:

"Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 9 oy davomida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 764 ta qonun buzilishi holati, jumladan, 468 ta jinoyat aniqlangan. Yetkazilgan zarar qariyb 220 milliard so‘m.

Aksariyat qonun buzilish holatlari ta’lim tizimida kuzatilgan. Tizimda umuman ishlamaydigan odamlarga yillar davomida oylik yozib kelingan.

Vazirliklar va hokimliklarda ham ahvol shu. Madaniyat vazirligida amalda yetkazib berilmagan mahsulotlar, bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 12 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan. Biz, “moddiy-madaniy meros ob’yektlariga qaranglar, madaniyat markazlari xarob ahvolda”, desak pul yo‘q deyishadi. Amalda esa ahvol mana bunday".