“Ta’lim va kasb – kuz 2024” XXVI xalqaro ko‘rgazmasi Samarqandda

Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ta’lim va kasb – kuz 2024” XXVI xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Yoshlar ishlari agentligi, “MY FAIR” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida respublikamizning besh hududida o‘tkazilishi belgilangan xalqaro ko‘rgazma Samarqandda ham yuqori saviyada tashkil etildi. Unda 15 dan ortiq xorijiy davlat nufuzli oliy ta’lim muassasalari ishtirok etdi.

– Muassasamiz Markaziy Osiyoda yagona ta’lim dargohi bo‘lganligi uchun joylarda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda yoshlar tomonidan qiziqish katta bo‘lmoqda, – deydi Qozog‘iston Fuqaro aviatsiyasi akademiyasining ishga qabul qilish va bandlik markazi rahbari Bo‘tako‘z Abilqosimova. – Bugungi ko‘rgazmamiz ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Akademiyada yaratilgan sharoit, o‘qish imkoniyatlari samarqandlik yoshlarga ma’qul keldi. Ayni paytda o‘quv yurtimizda 3 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularning 10 foizdan ortig‘ini xorijlik talabalar tashkil etadi. Bugungi kunda akademiyamizda fuqaro aviatsiyasini tashkil etishda o‘ndan ortiq bakalavriat mutaxassisligi, uch mutaxassislik bo‘yicha magistratura hamda muhandislik ishi bo‘yicha doktoranturada o‘qish imkoniyati mavjud. Bizda tahsil olgan mutaxassislarga xalqaro talablarga javob beradigan sertifikatlar beriladi.

Ko‘rgazmada umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘z qiziqishlariga mos oliy ta’lim dargohlari o‘quv dasturlari bilan tanishdi.

– Turizm yo‘nalishiga qiziqqanim uchun hozir ingliz tilini chuqur o‘rganyapman, – deydi Samarqand shahridagi 32-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Aliasqar Hakimov. – Bugungi ko‘rgazmada yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan tanishdim. Axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi ta’lim dasturlariga qiziqishim ortdi. Bunda masofadan turib o‘qish va ishlash imkoniyatining mavjudligi menga ma’qul tushdi. Endi ota-onam bilan maslahatlashib, maqsadni aniq qilib, shu asosda tayyorgarlikka kirishaman.