Ta’lim va sport muassasalari kuz-qish mavsumiga tayyormi?

Ikki yildirki, aksariyat ijtimoiy soha obektlari davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir yoki muqobil energiya manbalari orqali isitib kelinmoqda. Tabiiy gazda ishlashga mo‘ljallangan qozonxonalarni to‘liq qayta moslashtirmasdan ushbu tizimga o‘tilgani ayrim muammolarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirda bu jarayon bosqichma-bosqich barqarorlashmoqda.
Ishtixon tumanidagi umumta’lim maktablari va bog‘chalar 2025–2026 yilgi kuz-qish mavsumida ham tadbirkorlar tomonidan isitilar ekan. Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi 14 ta maktab va 11 ta bog‘chaning isitilishini «Xurshid Makro» mas’uliyati cheklangan jamiyati zimmasiga olgan. Tashkilot ish boshqaruvchisi Haydar Ochilovning ta’kidlashicha, muassasalardagi isitish qozonlari to‘liq ko‘mirga moslashtirilib, yetarli miqdorda ko‘mir zaxirasi yaratilgan. Ayni paytda isitish qozonlari va tarmoqlar mavsumoldi sinovdan o‘tkazilib ta’mirlanmoqda.
– Muassasamizda 1180 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi, – deydi tumandagi 8-maktab direktori Dilnoza Elmurodova. – Maktabimizda sakkizta qozonxona bo‘lib, ikki yildan beri tadbirkor tomonidan ko‘mir bilan isititiladi. Shu vaqtgacha sinfxonalarni isitishda hech qanday muammo bo‘lmadi. Bu yilgi mavsum oldidan 50 tonna ko‘mir berildi, qozonxona va tarmoqlar sinovdan o‘tkazilib, shay holatga keltirilmoqda.
Tumanning O‘zbekiston mahallasida joylashgan 35-maktab tumandagi eng katta ta’lim muassasasi bo‘lib, beshta binodan iborat va 15 ta qozonxona bilan isitiladi.
– Binomiz katta, 1880 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi, – deydi maktab direktori Feruza Umrzoqova. – Muassasamiz oldin tabiiy gaz bilan isitilsa-da, qishda bosim pasayib, tizim talab darajasida ishlamasdi. Qozonxonalar ko‘mirga moslashtirilgach, issiqlik tizimi barqarorlashdi va qishda o‘quvchilarimiz sovqotmay o‘qishyapti. Bu yilgi mavsum uchun 75 tonna ko‘mir zaxira qilinib, tadbirkor tomonidan qozonxonalardagi kamchiliklar hal etilmoqda.
Ishtixon tuman sport maktabidamiz. Muassasaga qarashli beshta ochiq va beshta yopiq sport inshooti bor. Yopiq sport inshootlarining har birida bittadan qozonxona bo‘lib, gaz bilan isitiladi. Sport maktabi direktori Olim Sadullayevning aytishicha, bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 1 milliard 753 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ga sport maktabi tasarrufidagi inshootlar qozonxonalari qayta ta’mirlanib, isitish tizimi yangilanadi, shuningdek, Qoraqo‘yli mahallasidagi 12×24 o‘lchamdagi sport zalini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOEV.