Ta’limda erishilgan natijalar e’tirof etildi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan uchinchi "Ustozlar Milliy forumi”da dastlab o‘tgan o‘quv yilidagi yutuq va kamchiliklar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Mamlakatimizda o‘qituvchining mehnati, bilimiga yarasha moddiy rag‘batlantirib borish eng ustuvor vazifa sifatida belgilangani, mutaxassislik fani bo‘yicha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Vazir jamg‘armasi orqali oylik maoshidan tashqari har oyda 5,5 million so‘mdan ustama olib kelayotgan 84 nafar viloyatimiz o‘qituvchilari buning yaqqol namunasi ekanligi aytildi.
Joriy yilda viloyatimiz o‘quvchilari asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 9 ta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, xalqaro ko‘rik-tanlovlarda 165 ta, respublika ko‘rik-tanlovlari, musobaqa va festivallarda 254 ta faxrli o‘rinlarni egallashdi. Misol uchun, yaqinda Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika musobaqasida 30 ta davlatdan 576 nafar iqtidorli o‘quvchi orasidan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 48-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Davronbek Diyorov katta yoshlilar jamoasida 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘tgan yili 978 nafar bitiruvchi muddatdan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lishgan bo‘lsa, bu yilgi ko‘rsatkich 1525 nafarni tashkil etdi.
Bitiruvchilarimizning 36 nafari AQSh, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya, Koreya va Xitoy kabi davlatlarning dunyodagi nufuzli “TOP-100”talik reytingiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
Misol uchun, Ishtixon tumani 1-IDUMning 11-sinf bitiruvchisi Mahmudov Samandar Akmal o‘g‘li AQShning 8 universitetiga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilinib, 130 ming dollar grant yutganligi quvonarli holatdir.
Shuningdek, forumda o‘tgan o‘quv yilida erishilgan yutuqlar tilga olindi. Masalan, viloyat bo‘yicha 68 ta maktab yangi baholash tizimiga o‘tkazildi. Yangi o‘quv yilidan yana 50 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashtirilgan maktablar 16 tadan 18 taga yetkazildi.
“Zamonaviy maktab” maqomiga ega bo‘lgan maktablar 113 tadan 209 taga (+96 ta), Milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar 1216 tadan 2444 taga (+1228 ta) oshirildi.
O‘quvchilarga 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb o‘rgatilayotgan maktablar 80 taga yetkazildi.