Ta’limga e’tibor yildan-yilga oshyapti. Ammo qachon to‘liq samara beradi?

Kasbim pedagog. Maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. Yaqinda televideniyeda Xalqaro-press klubining oliy ta’lim rivoji, muammolar haqidagi sayyor sessiyalar yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishini qiziqish bilan kuzatdim. Unda bugungi kunning o‘ta dolzarb va ayni damda o‘ta og‘riqli masalalari kun tartibiga qo‘yildi.

Ko‘tarilgan masalalar nafaqat oliy ta’lim  muassasalarining, balki respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ham muammosi hisoblanadi. Chunki biz, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari o‘quvchilarni yoshligidan tayyorlab, qiziqishiga qaraymiz va oliy ta’limning u yoki bu sohasiga yo‘naltiramiz. Ularning yaxshi o‘qiyotganini eshitsak faxrlanamiz, yutuqlaridan g‘ururlanamiz. O‘qishni tugatib, muallimlik diplomini qo‘lga kiritib, safimizga qo‘shilgan yosh mutaxassislarga bilganlarimizni o‘rgatamiz. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ba’zan o‘qishni endi tugatib, o‘qituvchilik qilmoqchi bo‘lgan ayrim yosh kadrlarning  bilimi sayozligi, uquvsizligini ko‘rib ko‘nglimiz g‘ash bo‘ladi.

Buning sababini o‘sha yig‘ilishda bildirilgan fikrlardan, ayniqsa, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida ta’lim sifatiga to‘siq bo‘layotgan omillar haqidagi so‘zlaridan  bilib oldim. Domla universitet ta’limi misolida bu boradagi kamchiliklarni ro‘y-rost gapirib, ularni bartaraf etishga oid aniq fikrlar bildirdi. Bu esa kelgusida  malakali kadrlar yetishtirilishi, ta’lim dargohlarida shaffoflik to‘liq ta’minlanishiga  ishonch uyg‘otadi.

Baxtiyor RAVShANOV,

Payariq tumanidagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.