Tamaki qutilari ichiga 35 bosh noyob sudralib yuruvchi jonzotni joylab, chetga olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatildi

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining «Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari yo‘q bo‘lib ketayotgan kamyob turlar sirasiga kiruvchi sudralib yuruvchi hayvonlarni havo yo‘llari orqali yashirincha olib chiqilishiga chek qo‘ydi.

Gap shundaki, “Toshkent-Moskva” reysi bo‘yicha parvozga shaylangan fuqarolardan biri bojxonadan yashil yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi. Unga tegishli bagajlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida esa shubhalar o‘z tasdig‘ini topdi.

Ushbu shaxs bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilmasdan turib, taqir to‘garakbosh, gekkoncha, kaltekasak kabi 35 bosh noyob jonzotlarni tirik holatda tamaki qutilari ichiga joylagancha olib chiqayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Bundan tashqari, shu kabi jonzotlarning 14 tasi spirtda qotirilgan holatda, shuningdek, 16 dona kaltakesak dumi, 1 dona ondatra dumi va 2 bosh o‘lik holatdagi chipor ilon ham olib chiqib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur sudralib yuruvchi hayvonlar asosan Farg‘ona vodiysida tabiatdan ajratib olingan, lekin yo‘lovchi ularni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish huquqini beruvchi hujjatlarni bojxona xodimlariga taqdim qila olmadi.

Hozirda ushbu jonzotlar O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga topshirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.