Bolasini ayiq saqlanayotgan qafasga tashlab yuborgan ona haqida ma’lumot berildi
Ayol oliygohlardan birining o‘qituvchisi bo‘lgan. U oilaviy muammolar sabab tushkunlikka tushib qolgan.
Toshkentdagi hayvonot bog‘ida ona o‘zining 3 yoshli qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgani haqida xabar bergandik.
Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mazkur ayol bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, ona 1991 yilda tug‘ilgan hamda Toshkent shahar Sergeli tumani “Qumariq” mahallasida yashovchi fuqaro Z.T. ekanligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, Z.T. hozirga qadar o‘z otasi Yu.T.ga tegishli mazkur xonadonda 2 nafar farzandi bilan istiqomat qilib kelgan. U poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, turmush o‘rtog‘i N.K. esa ayni vaqtda Rossiyaga ketgan.
Hozirda ayol eri bilan birga yashamayotganligi sababli ruhiy tushkunlikka tushib qolganligi ma’lum bo‘ldi.
Ajrim yoqasidagi mazkur oiladagi holat mahalla mas’ullari tomonidan ko‘p bora o‘rganilgan, oilani yarashtirish choralari ko‘rilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, Z.T. 2021 yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan va unga uy-joy va ajrim masalasida zarur huquqiy maslahatlar berilgan.
Hozirda hodisadan jabrlangan qizga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayolga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi "v" bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.