Muzlatilgan hayvonot bog‘i

Biologlar hayvonlarning ommaviy qirilishini (hisob bo‘yicha oltinchi) bashorat qilishmoqda. Ayrimlarning esa bu jarayon boshlanganiga imonlari komil. Ammo bu tabiiy sabablarga ko‘ra emas, inson faoliyati oqibatida ro‘y bermoqda. Keyingi 500 yil davomida bu omil tufayli hayvonlarning 844 turi qirilib ketdi. 2100 yilga borib hozirda mavjud turlarning yarmi qirilib bitadi, degan taxmin bor.

Bu jarayonni sekinlashtirish, turlarni saqlab qolishi mumkinmi? Amerikaning San-Diyegodagi mashhur hayvonot bog‘ida ana shu savolga javob qidirilyapti. Bu yerda eng katta hajmda “muzlatilgan hayvonot bog‘i” kolleksiyasi bor. Unda 10 ming madaniy tirik hujayralarning bebaho genetik materiallari saqlanmoqda. Ular salkam mingta tur namunalaridir. Bular tuxumlar, urug‘lar, embrionlarning hujayralari bo‘lib, maxsus idishlarda, suyuq azotda muzlatilgan.

“Hayvonot bog‘i” xodimlari  allaqachon qator tajribalar o‘tkazdi. Muzlatilgan hujayralarning ayrim turlari sun’iy urug‘lantirishdan keyin avlod berdi. Janubiy oq karkidonning 20 yil muzlatgichda saqlangan tuxum hujayrasini urug‘lantirishga muvaffaq bo‘lindi. Xuddi shu tarzda qoplonning embrioni ham olindi.

Tillar uchun arxiv

Sayyoramizda nafaqat hayvonlar va o‘simliklar, balki o‘zining tili, madaniyati bilan kishilik elatlari ham yo‘qolib bormoqda. Ekspertlarning taxminlaricha, globallashuv va ustun tillarning mustahkamlanishi ta’sirida yuz yil davomida 90 % kichik guruh tillar yo‘qoladi. Ulardan ko‘pchiligi hatto hujjatlashtirilmagan. Insoniyatning xilma-xil tilligini saqlab qolish maqsadida tilshunoslar “Rozetta” loyihasini tashkil qildi. Uning maqsadi odamlar foydalanadigan barcha tillar haqida ma’lumot saqlovchi raqamli ommaviy kutubxona yaratishdan iborat. To‘plangan materiallar o‘yib yozish orqali nikel disklarga muhrlanadi. G‘oya mualliflarining baho berishlaricha, bunday arxiv 2 ming yildan 10 ming yilgacha saqlanishi mumkin.

“Rozetta” disklari odam kaftiga bemalol joylashadi. Unga 15 ming sahifa matn o‘yib yozilishi taxmin qilinmoqda. Har biri atigi 400 mikron enlikka ega. Ularni o‘qish uchun 650 marta kattalashtirib ko‘rsatadigan mikroskop zarur bo‘ladi.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.