Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Taniqli shoir Nodir Jonuzoqdan ona tili haqida kechinma:

YuRAK TILI

Dunyo soqov edi, tuyqus so‘z so‘radi – sado bo‘lding,
Jilva sochdi mavjlaringda oyu yulduz – samo bo‘lding,
Koinotning burjlariga yoyilgan kuy – sano bo‘lding,
Sen tufayli vujudimga jo bo‘ldi-ku jonim, tilim.

Toshga ham til ato etgan sirli bitik – tilsim sensan,
Zarang moziy darvozasin ochqich kalit – "sim-sim" sensan.
Kamalakday lisonlar ko‘p – yolg‘iz yurak tilim sensan,
Tilmoch bo‘lding muhabbatga mehmon bo‘lgan onim, tilim.

Sen suluvsan – Qoshg‘ariyni Majnun kabi ko‘yga solgan,
Alisherbek vasf etay deb chiroyingni o‘yga tolgan,
Qodiriy ham Cho‘lpon suyib, oshiq joni o‘tda qolgan,
Ishq ahlining sharoridan sharaf topgan shonim, tilim.

Ko‘ksimdagi chechagim sen – kim qo‘l cho‘zdi yulmoq uchun,
Poymol etib, so‘ng ustimdan qah-qah otib kulmoq uchun,
Xazinasan, qulf eshigi – tilsiz, dilsiz gumroh uchun,
Siymu zarim, dur-gavharim, tilla to‘la konim, tilim.

Yov yo‘lasa, qilich-qalqon so‘zing tutib, qasd bo‘laman,
Ta’zim qilsa Senga, men ham otdan tushib past bo‘laman.
Sasing tuysam safarlarda, safo ichra mast bo‘laman,
Soqiy mudom saxiy senga – saodatli jomim, tilim.

Dilim sarxush, tilim biyron – abad baxtga yorligimsan,
Xudoyimning mukofoti – mangu maqtov yorlig‘imsan,
Ko‘zim deymi, yuzim deymi – boshdan-oyoq, borlig‘imsan,
Yetmish ikki tomirimda oqib turgan qonim, tilim.

Ey, sen xazon bilmas bog‘im, o‘zbekiy sof guling bo‘lay,
Guling uzra qanot qoqqan beorom bulbuling bo‘lay.
Hech bo‘lmasa, iltifot qil, bir qo‘riqchi quling bo‘lay,
Davlatli sultonim, tilim – oliymaqom xonim, tilim.

Sen bo‘lmasang, ko‘kka eltar nurli narvon, yo‘lim qayda?!
Sen sarbonsan, dilim – ziyo ortgan karvon, qo‘nim qayda?!
Tirikman, sen bois boqiy menga davron – o‘lim qayda?!
Sen borsanki, jaranglagay ko‘k toqida nomim, tilim!

2019