Taqiqlangan joyda cho‘milib, o‘z hayotingizni xavfga qo‘ymang!

Samarqand eshkak eshish kanalida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Suv havzalarida cho‘milish qoidasi – salomatlik va xavfsizlik garovi”  mavzusida nazariy hamda ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Unda yozning issiq kunlari boshlanishi bilan insonlarda suvga cho‘milishga ehtiyoj keskin oshishi, ayrim vaqtlarda ota-onalarning e’tiborsizligi natijasida yoshlarning taqiqlangan suv havzalariga cho‘milishlari oqibatida suvga cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning sodir bo‘lishi kuzatilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, nafaqat yosh bolalar, balki yoshi katta insonlarning daryo, kanallarda cho‘milishlari natijasida suvga cho‘kish holatlarining ham uchrayotgani aytildi. 

- Joylarda sohamiz bo‘yicha qilinayotgan targ‘ibot tadbirlarimiz ham kamlik qilyapti, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umidjon Axrorov.  – Birgina 2019 yilning o‘tgan oylari davomida 4 marotaba suvda cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar kuzatildi. Statistik ma’lumotga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2016 yildan hozirgacha bo‘lgan davrda eng ko‘p Past Darg‘om, Samarqand, Narpay, Urgut tumanlarida va hatto Samarqand shahrida ham suvda cho‘kish holatlari yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Shu sababdan ham biz bu seminarga bejiz ta’lim muassasalari xodimlari, mahalla jamg‘armasi vakillari va boshqa tashkilotlarni jalb etmadik. Aynan seminarni ko‘rgazmali vositalar orqali tashkil etishimizdan maqsad ham yozgi mavsumda suv havzalari, cho‘milishi belgilangan va taqiqlangan hududlarda aholini xabardor etishda bu tashkilotlarning va albatta OAVning ta’siri katta. Shuning uchun ham bu boradagi ishlarimizni hamkorlikda amalga oshirish muhim sanaladi.

Tadbirda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkiloti mutaxassisi Diana Aliyeva tomonidan suvga cho‘kkan insonni qutqargandan keyingi birinchi yordam ko‘rsatish tartiblarini amaliy ko‘rsatib berdi.

Seminar davomida inson suvga cho‘kkanda unga qay holatda yordam ko‘rsatish kerakligi mutaxassislar tomonidan ko‘rsatildi. Ya’ni suvda cho‘kayotgan insonni ro‘parasidan emas, aksincha orqa tomonidan borib unga yordam berish kerakligi amalda ko‘rsatildi.

Husan Eltoyev.