Taqiqlangan meva shirin bo‘ladimi?
Insonni to‘g‘ri yo‘lga boshqarishdan ko‘ra yo‘ldan ozdirish osonroq. Sababi, hayotda halol yashab kelayotgan rostgo‘y va sodda kishilar ko‘proq qiyinchiliklarga duch keladi. Mug‘ombir, olchoq, o‘ndan to‘qqizni urganlarning esa oshig‘i olchi.
Shu boisdan mohiyatni anglamagan, imoni sustroq odamlar buni kuzatib, oson xulosalar chiqaradi, avvaliga birozdan og‘ishni boshlab, keyinchalik ko‘proq adashadilar. Bir kuni manglay devorga tegib, kosa kosa urilgach, shaytonga tosh otishni boshlaydilar.
Xalqimizda qanoat arzonligini, nafsni qo‘yib yuborish beshumor aziyatlar keltirishi to‘g‘risida hikmatlar ko‘p va xo‘p aytilgan. Alloh bashariyatni bekorga tabaqalarga ajratmagan. Bu haqda faylasuf Abu Nasr Forobiy, buyuk bobokalonimiz Amir Temur o‘z davrida quyma xulosalarini berganlar. To‘g‘ri, ayrimlarni yuqoridan quyidagi qatlamlarga, ba’zilarni tubandan balandga o‘tkazuvchi zinapoyalardan o‘tish jarayonlari sodir bo‘lib turadi. Bu o‘sha kishilarning qobiliyati, harakati bilan bog‘liq. Davlat va xalq ishiga xiyonat qilish yoki vazifasini suiiste’mol qilib balandlikdan birato‘la tubanlikka qulaganlar qanchadan qancha.
Iqtisodiyotning, turmush darajalarining oltin qonunlari bor. Tabiatga boqing: tog‘lar bo‘lmasa yashil vodiylar bo‘lmaydi; yashnagan vohalarning poyoni - cho‘l. Osmono‘par binolari, tekis va ravon ko‘chalarida hayot qaynagan shaharlarning tashqarisi sudralib yuruvchilar, kemiruvchi jonivorlarga makon biyobon. Demak, ijtimoiy ma’murchilikning ham cheki bor. Hammaga barobar imtiyoz yaratish mumkin emas. Jumladan, kambag‘alchilikni ham tugatishga urinish bema’ni xomxayol. Chunki, oyog‘iga kovushi bo‘lmagan yalangoyoqdan tortib eshagi, oti, turli xildagi ulovi, samolyoti, dengizda ko‘rk bo‘lib suzayotgan shaxsiy kemasi bor kishilarning bari jamiyatda zohir va bir zamonu makonda yashab turibdi. Ularning aksariyati o‘zidan keyingilarga boqib taskin topish o‘rnida, oldindagilarga yetishishni o‘ylaydi. Jo‘jabirday jon oila qaldirg‘och uyasiday katalakda yashamoqda. Kimdir o‘ziga qasr yasab olgan. Birov guvalak devor bilan hovlisini o‘rab olishga qodir emas. Ayrimlar otasi qurib ketgan tuzukkina imoratni kunfayakun qilib qayta tiklamoqda. Buning oqibatida manglay teri bilan topilgan mablag‘lar isrof ketadi, eng yomoni, o‘lchab berilgan umrimizni zavol qilamiz.
To‘y-ma’rakalarni o‘tkazishdagi poyga haqida ko‘p gapiramiz, ammo foydasi kam. Germaniyada sayohatda bo‘lgan kishi shunday hikoya qiladi: “Restoranga kirib yeguliklar buyurdik. Dasturxonimizda qalashtirilgan ne’matlarning ortgani anchagina edi. Qo‘zg‘alib, eshik tomonga yurganimizda narigi burchakda o‘tirgan xonim sarqitlarimizga ishora etib bir nimalar dedi. Dashnom berayotganini anglab, puli to‘langanini pisanda qilib turganimizda qayoqdandir bir ma’mur hozir bo‘ldi va dalolatnoma tuzdi. Bizni tanovul qilmay qoldirgan yeguliklar milliy boylikka daxldor ekanini aytib, uni isrof etganimiz uchun jarimaga tortishdi”.
Xo‘sh, bizda nimalar bo‘lyapti? Bazmgohlarda o‘tayotgan ayrim ma’rakalarda mehmonlarga peshkash qilingan bitta o‘rindiq besh yuz ming so‘mdan oshadi. Gazakilar, meva-cheva, pishiriqlar, ketma-ket tortilgan taomlarning o‘ndan biri iste’mol qilinmaydi. Qachon, qaysi bir mutasaddi yuz kishiga atab mingta odamga asqotadigan, mahsulotni uvol qilingan ziyofat qoldig‘ining umumiy miqdorini hisoblab berdi? Yurtimizda har kuni o‘tkazilayotgan bunaqa tadbirlar qancha?
Yer yuzining bir qit’asida odamlar tabiatan og‘ir, ayrimlar esa mo‘’tadil va o‘ta qulay iqlim sharoitida yashaydi. Ammo Janubiy Afrikaning bir necha mamlakatlarida aholining asosiy qismi och-yalang‘och ekanidan qancha-qancha umrlar bevaqt xazon bo‘lmoqda. Tibbiyoti rivojlangan o‘lkalarda buyragi qurigan qari- qartang bemorlar katta pullar evaziga o‘lim changalidan qutqarilmoqda, vaholanki, jahondagi bema’ni urushlar oqibatida to‘rt muchasi sog‘, insoniyatning oltin zaxirasi bo‘lgan behisob o‘g‘lonlarning umri zavol topayotganini o‘ylaydigan hukmdorlar qani?
Maqolamizga “Taqiqlangan meva shirin bo‘ladimi?” deya sarlavha qo‘ydik. Ha, teskarichilik qon-jonimizga singib ketgan. Odam Ato bilan Momo Havoning jannatdan mosuvo bo‘lishlarining boisi ham shu. Hayotiy kuzatishlarimdan misol keltiray: Yangi qurilgan uyimizning atrofi hali o‘ralmagan edi. Loy qorib zina yasab ishga ketayotsam, ko‘chada uch-to‘rt bola-baqra o‘tiribdi. Garchi qilgan ishimdan bexabar bo‘lsalar-da, hali qotib ulgurmagan quymaga oyoq bosmaslikni shipshib qo‘ydim. Oqibat, ne ko‘z bilan ko‘rayki, hammasi kunfayakun qilinibdi.
Hozirda internet orqali axborot tarqatish olamshumul tus oldi. Bir yoshga kirgan bolaning telefon berishlarini so‘rab g‘ashlagani, qo‘liga olgach, tugmalarini bosib o‘ziga kerakli sahifani ochganiga guvoh bo‘ldim. Darhaqiqat, hozirda kaftga joy olgudek mittigina jihoz bajarayotgan amallarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ammo vaqtu bevaqt, keragu bekorchi ermaklarga mukkasidan ketganlarga bu katta zarar ekanini har qancha uqtirmang, zoye.
Yaqinda o‘zim o‘qigan maktabda o‘tkazilayotgan tadbirga borsam, eshikdan ichkarida uch-to‘rtta o‘smir irg‘ishlab hakalamachoq o‘ynayapti. Begona kishidan zarracha hayiqmayotganlardan ikkitasi soqol o‘stirgan. Kimligini surishtirib bilsam, shu yil 11-sinfni tugatayotganlar ekan. Direktordan nega bunday, deb so‘rasam bularga gap uqtirib bo‘lmasligini aytdi va maktabni tugatib ketishini sabr bilan kutishdan boshqa iloji yo‘qligini bildirib, o‘zini xolis qildi. Echkida soqol bitgani qanchalik bema’ni bo‘lsa, yurish-turish marhelasini bilmagan, hali insoniylik burchini anglamagan, soqol mas’uliyatini his qilmagan bunaqa yosh-yalanglar tobora ko‘payib bormoqda.
Endi kambag‘allik haqida ikki og‘iz gap.
Ishlab yurgan kezlarim hokimiyat tomonidan ikki-uch xonadonga moddiy yordam ko‘rsatish haqida topshiriq kelardi. Ataganlarimizni qutiga joylashtirib manzilga yetkazsak, oiladagi qo‘li-oyog‘i butun, davangir shaxs qabul qilayotib: ”Bori shumi? Keyingisi kechikmasin-a”, dedi. Nega rahmat aytish yo‘q, nega sadaqa olaturib xijolat tortmaydi?
“Shu oxirgisi bo‘lsin. Nasib bo‘lsa biz ham hayotimizni tezda izga solamiz”, degan tasalli xayoliga kelmaydi? Chunki bundaylar bersang yeyman, ursang o‘laman deguvchi, boqimandalikka ko‘nikkan, intilishi so‘nib, shaxs sifatida tamom bo‘lganlardan. Ularni na to‘yg‘izib, na moddiy yordam bilan iqtisodini tiklab bo‘ladi. Har qancha bersang ham “laq” etib yutib, yana og‘zini karnayday ochib turaveradi.
Banklar tomonidan beriladigan imtiyozli qarzlar, tovuq, quyon, boringki, yirik shoxli mol boqtirish, yer ajratib dehqonchilik qilishga qaratilgan rag‘batlar ham bunaqalarga hayf...
Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Bunday oilalarda yetishgan farzandlarning aksariyati ham hamin qadar. Ota-onaning nafaqasi kelishini poylab yashaydi. Na bir kasb -hunarni egallagan, na yolchitib o‘qigan. Muomala tilini bilmaydi. Iprisqi tengdoshlari bilan sanqib yuradi. Bir kasofatga yo‘liqmagancha tanobi tiyilmaydi. Nari borsa mo‘may boylik orttirish ilinjida chetga ketadi. Sarson-sargardonlikda yashab hazarilarning harom-harishini tozalaydi. Uyiga qaytish uchun yo‘lkira topolmaganlari qancha.
Bolalikda sevib o‘qigan “O‘zbek xalq ertaklari”dagi bayon yodimga tushdi. Donishmand ota tarbiyasini dilga jo qilgan yigitlar baxt izlab safarga otlangach, qarshidan uchta yo‘l chiqadi: biri borsa kelar; biri borsa xatar; biri borsa kelmas. Nazarimda shu uch yo‘ldan birini tanlaganlar ham hozirda hisobsiz. Ayrimlar vataniga eson-omon qaytib, topgan-tutganini yashash sharoitini yaxshilashga qaratmoqda. Borsa xatardan ketganlar turli oqimlarga qo‘shilib, yot g‘oyalar uchun hatto qo‘liga qurol ushlab o‘qqa uchmoqda. Borsa kelmasdagilar esa begona yurtlarda tomir otib ona yurtiga qaytish ashshai xayolida yo‘q.
Harbiy xizmat davri tugashiga oz muddat qolgan sayin sog‘inchimiz ortib, nafaqat kun, hatto soat sanagan vaqtlarimizda rus yigitlari yig‘ilib, goh o‘rmon kesishga, goh okeanlarda baliq ovlovchilarga katta haq to‘lanishini aytib, shu yerdan to‘g‘ridan to‘g‘ri allaqayoqlarga borishni niyat qilsalar hayratga tushardik. Nima, bularning yo‘liga ko‘zi to‘rt bo‘lib turgan ota-onalari, jonu jigarlari yo‘qmi, kindik qoni tomgan xonadonga mehri, har bir qarichi qadrdon bo‘lgan jonajon qishlog‘ining ohanraboday tortuvchi tuyg‘u, unib o‘sgan yeriga muhabbati qani?
Ne tong, zamona zayli bilan voyaga yetgan avlodning ruhiyati shakllanishi tufayli bu xususiyatlar bizga ham yetib keldi.
Bu mulohazalarimni yuragim achishib, qog‘ozga tushirdim. Mabodo, fikrlarim sizga ma’qul kelmasa gustohlik bilmayman. Aytdi qo‘ydi-da, deng, bo‘ldi. Zero, o‘zing haqingda noto‘g‘ri xulosa chiqarishlariga sababchi bo‘lmaslik uchun o‘zgacha fikrlovchilarga mos kelmaydigan masalalarda bahslashishdan qochmoq joiz. Ammo bu aytganlarimni tahlildan o‘tkazib, do‘ppini boshdan olib, o‘ylab ish ko‘rilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
G‘aybiddin Fazliyev.