Tarbiyasiz bola ilmga intilmaydi

Biz har kuni ta’lim tizimining isloh qilinayotgani, o‘qituvchilar maktabda yangicha metodda dars o‘tayotgani, bolani kreativ fikrlashga undaydigan yangi darsliklarning joriy etilayotgani haqida balandparvoz gaplarni eshityapmiz. Turli tanlovlarda o‘quvchi va o‘qituvchilar rag‘batlantirilyapti, ammo bilimsiz yoshlar ko‘payib ketmoqda. Xo‘sh, nima qilsak, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiramiz?

Yaqin tarixda maktab derazasidan poylab, bilim olganlar haqida eshitganmiz. Bugun o‘n bir yil maktabda o‘qib, loaqal ism-familiyasini to‘g‘ri yozolmaydiganlar bor.

Yaqinda bir tanishim gapirib qoldi:

- Bir tashkilotga ish bilan borgandim, xodim ismimni so‘radi. Men aytdim, u hujjatga ismimni Sunat deb yozibdi. Ismim Sunnat, ikkita “n” bo‘ladi, dedim. U bu safar Sunnad deb yozdi. Jahlim chiqqanidan “Ey, uka, qo‘y, sen bunday tashkilotda ishlama, o‘zingga loyiq yozuv-chizuvi yo‘q ish top”, dedim.

Adabiyot fani o‘qituvchimiz “Kim ko‘p kitob o‘qisa, u bexato yozadi”, derdi. Biz bexato yozish uchun ham kitob o‘qishga tirishardik. Bugun o‘quvchilarni kitobga qiziqtirolmay ovoramiz. Hatto kitobxonlik tanlovida qatnashayotganlarga ham nisbatan baho berilyapti. Yaqinda kitobxon tanlovida ishtirok etgan bir qizdan qancha kitob o‘qigani haqida so‘raganimda, javob berolmay qoldi. Keyin bilsam, ba’zi yoshlar faqat tanlovda so‘raladigan adabiyotlarni o‘qir ekan. Biz tanlovda qatnashish uchun emas, balki o‘zimiz qiziqib kitob o‘qirdik.

Maktablardan biriga janjal qilib kelgan onaga farzandi o‘qishga qiziqmayotgani tushuntirilsa, ayol: “Bolamni o‘qish-o‘qimasligi senlarni tashvishga solmasin, otasi hech qayerda o‘qimagan, qishloqda kimdan kam?”, debdi. Mana, shunday tushunchadagi onalar sababli ayrim o‘quvchilar maktabga bilim olish uchun bormaydi. Buni bir raqam misolida keltiraman. Masalan, viloyatda bu yilgi oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlariga yetti mingdan ortiq abituriyent kelmagan. Aslida, ular maktab ma’muriyatining iltimosiga ko‘ra, shunchaki hujjat topshirib qo‘ygan, xolos. Bunday ko‘zbuyamachilik har yili kuzatilyapti. Sababi, ertaga har bir maktab direktoridan nega bitiruvchilarning falon foizi oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirmagan, deb so‘raladi.

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirganlarning salkam yarmi, ya’ni 49,4 foizi o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni ham to‘play olmagan. O‘tgan yilgi ahvol bundan ham achinarli edi. Ushbu ko‘rsatkichlarning o‘zi ta’limga e’tibor juda pastligini bildiradi.

Bugun ilm olishga qiziqmaydigan yoshlarning paydo bo‘lishiga birgina maktab aybdor emasligini hamma biladi. Agar oila muhiti sog‘lom bo‘lmasa, ota-ona farzandi tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmasa, bola nufuzli maktabda o‘qigani bilan bilim olmaydi. Yaqinda bir o‘qituvchi bilan tanishib qoldim.

- Avval davlat maktabida ishladim, endi xususiy maktabda dars beryapman, - dedi u.

- Xususiy maktabda hamma sharoitlar bor, bolalar ham shunga yarasha yaxshi o‘qishsa kerak? – deb so‘radim.

- Men ham boshida shunday o‘ylagandim. Ammo, xususiy maktabda boylarning bolasi o‘qiydi. Ular bilim olishga unchalik qiziqmaydi. Ba’zilari o‘qituvchilarga osmondan kelib gapiradi. Oilada shunday tarbiya topgach, maktabda ham o‘zini yomon tutadi, o‘qituvchini hurmat qilishni bilmaydi. Keyingi vaqtlarda davlat maktabiga qaytsammi degan fikrga kelyapman.

Bundan ko‘rinib turibdiki, oilada bolaga to‘g‘ri tarbiya berilmasa, u barcha shart-sharoitga ega maktabda o‘qigani bilan ilm olishga intilmaydi. 

Bolaning bilim olishga qiziqmasligining sabablari yana ota-onaga borib taqaladi. Ba’zi ota-onalar farzandi kelajagini o‘ylab xorijga ishga ketayotganini aytishadi. Ammo o‘qituvchilarning fikricha aynan ota-onasi xorijda bo‘lgan, qarindoshlarining qo‘lida tarbiyalanayotgan bolalar maktabda yaxshi o‘qimaydi, umuman o‘qishga qiziqmaydiganlari ham bor.

Yana bir narsa: maktablarda darslarni o‘zlashtirolmagan o‘quvchilarni sinfdan sinfga qoldirish degan masala unutildi hisob. O‘qisa-o‘qimasa, o‘qituvchi qoloq o‘quvchining “3” bahosini qo‘yib beradi, to‘g‘rirog‘i, shunga majbur qilinadi. Tabiiyki, sinfdan sinfga qoldirilmagach, o‘quvchi xohlasa dars qiladi, xohlamasa yo‘q, ya’ni o‘qish mas’uliyatini his qilmaydi. 

Bugun yoshlar tarbiyani internet tarmoqlaridan olayotgani ham ayni haqiqat. Bundan bir necha yil oldin ijtimoiy tarmoqlarda, to‘g‘rirog‘i, yoshlar o‘rtasida bir rolik juda mashhur bo‘lgandi. Unda aytilishicha, emishki dunyoga mashhur milliarderlar o‘qimasdan, o‘qishga qiziqmasdan boy bo‘lib ketganmish. O‘shanda o‘g‘lim men bilan o‘qish muhim emasligi haqida tortishgandi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, o‘z orzulariga bilim olmasdan erisholmasligini tushunib yetgach: “Siz haq ekansiz, kishi bilim olmasdan o‘z maqsadlariga erisholmas ekan”, dedi. Hamon yoshlar orasida shunday fikrlaydiganlar bor. Ammo farzandni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish ota-onaning vazifasi.

Marvon ibn Hakam farzandlariga shunday nasihat qilgan ekan:

- Ilm o‘rganinglar, agar rahbar bo‘lsangiz, barchadan ustun bo‘lasiz, agar o‘rtamiyona bo‘lsangiz, boshqaruvchi bo‘lasiz, agar oddiy fuqaro bo‘lsangiz, yaxshi yashaysizlar.

Xulosa o‘zingizdan, azizlar. Bugun farzandingiz bilim olishga qiziqmayotgan bo‘lsa, uning tarbiyasida sizning aybingiz bor.

Xurshida ERNAZAROVA.