Targ‘ibotchilar uchun seminarlar samara beryaptimi?
Iqtidorli o‘quvchilarni izlab topish, ularning adabiyotga, san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi vazifasi joriy etilgan. Bugun bu vazifada faoliyat olib borayotgan ijodkorlar sa’y-harakati bilan, ayniqsa, chekka hududlardagi maktablarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar orasida san’atsevar, kitobxon, ijodkor yoshlar safi kengayyapti.
Targ‘ibotchilarning faoliyatini baholash, ularning ish samaradorligini oshirish maqsadida turli seminarlar, mahorat darslari, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda. Birgina misol, o‘tgan 2021-2022 o‘quv yilida “Eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Quvonarlisi, tanlovning mamlakat bosqichida Qo‘shrabot tumanining olis Qovunchi qishlog‘ida joylashgan 50-maktab ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Abduvahob Zaripov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Abduvahob o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgan.
Amira G‘aybullayeva Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasidagi 16-maktabining 9-sinf o‘quvchisi.
- Qizim Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun o‘tkazilayotgan tanlovda madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egalladi, - deydi Amiraning onasi Dilafro‘z Bozorova. - Ayni paytda u tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun hozirlik ko‘ryapti. Amira bundan tashqari ko‘pgina nufuzli tanlovlarda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapti. Bunda, albatta, ustozlarining o‘rni bor, ulardan minnatdormiz.
Ammo aksariyat ta’lim muassasalaridagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyati samarasi ko‘zga tashlanmaydi. Hatto ular orasida vazifasi nimalardan iborat ekanligini to‘liq anglab yetmaganlar ham borligi achinarlidir. Shuning uchun respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari viloyat bo‘limlari hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan barcha shahar va tumanlarda targ‘ibotchilarga vazifalari haqida to‘liq tushunchalar berish, taniqli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish orqali tajriba almashish maqsadida amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Samarqand shahridagi 16-maktabda bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli ijodkorlar, jurnalistlar, shuningdek, shahar maktablarida faoliyat yuritayotgan targ‘ibotchilar ishtirok etdi. Tadbirda o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashayotgan ustozlarning yutuqlari e’tirof etildi. Faoliyati davomida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan targ‘ibotchilarning kamchiliklari tilga olindi.
Shuningdek, seminarda ushbu maktabda tashkil etilgan yosh ijodkorlar to‘garagi a’zolarining turli xil chiqishlari namoyish qilindi. Taniqli jurnalist Dilmurod Do‘stmurodov tomonidan mahorat darsi tashkil etildi.
Asliddin Mustafoyev,
Samarqand shahridagi 58-maktab targ‘ibotchisi.