Tarixdagi eng qisqa urush 40 daqiqa davom etgan

Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, bashariyat tarixida bor-yo‘g‘i 240 yil urush bo‘lmagan ekan. Qolgan vaqtda esa bashariyat millionlab insonlar umriga zomin bo‘lgan o‘zaro urushlar iskanjasida qolgan. Bu ko‘hna dunyo qanchadan-qancha qirg‘inbarot muhorabalarga guvoh bo‘lmagan, deysiz? Oddiy inqiloblardan tortib, hududlar mustaqilligi uchun bo‘lgan shafqatsiz kurashlar, hatto, bir necha asr davom etgan urushlarni ham o‘z boshidan o‘tkazgan.

Jumladan, eng uzoq davom etgan urush Niderlandiya va Silli arxepelagi o‘rtasida 1661 yilda boshlangan bo‘lib, 1989 yilga kelib nihoyasiga yetgan. Qizig‘i bu urushda hech kim talafot ko‘rmagan. O‘z vaqtida tinchlik to‘g‘risida sulh tuzilmaganligi sababli u naq 335 yilga cho‘zilgan. Shuningdek, tarixda eng qisqa, uzil-kesil hal qiluvchi jang sifatida o‘rin olgan Moxach yaqinidagi jang 2 soatga yaqin davom etib, butun bir mamlakat taqdirini hal qilgan.

Lekin 1896 yilda Buyuk Britaniya kolonizatorlari va Zanzibar sultonligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yana bir ajabtovur urush naq 40 daqiqa davom etib, tarixda “eng qisqa urush» nomini olgan.

Xo‘sh, juda tez nihoyasiga yetgan mazkur urushga nima sabab bo‘lgan edi?

Buyuk Britaniya va Germaniya o‘rtasida 1890 yilda tuzilgan kelishuvga muvofiq Sharqiy Afrikada joylashgan, strategik jihatdan muhim bo‘lgan Zanzibar oroli Buyuk Britaniya vassalligi hisoblangan.

1896 yil 25 avgustida Zanzibar sultoni Hamad ibn Tuvayni vafot etgach, yangi sulton Xalid ibn Bargash hokimiyat tepasiga chiqdi va o‘z davlatining britan istilochilari qo‘lidan ozod bo‘lishini istab, Zanzibarni mustaqil davlat deb e’lon qildi. Ammo Bargashning o‘zboshimchalik bilan taxtga o‘tirishi va kutilmaganda qilgan olamshumul qarori britaniyaliklarga yoqmadi. Britaniya qirolligi hukumat tepasiga Homid ibn Muhammadning o‘tirishini xohlab, Bargashga tazyiq o‘tkaza boshladi. Lekin o‘zboshimcha sulton hokimiyatni dushmanlari qo‘liga topshirishni istamadi.

Natijada britaniyaliklar sultonni kuch bilan taxtdan voz kechishga majburlash maqsadida mazkur davlatga urush e’lon qildi. 27 avgust kuni beshta britan kemalari Zanzibar qo‘ltig‘iga langar tashlab, har lahzada o‘t ochishga tayyor holda buyruqni kuta boshladi. Nihoyat, erta tongda butun mamlakatni qullik iskanjasiga olib kelgan buyruq berildi. Urush harakatlari oqibatida Zanzibarning o‘ta sodda qurol–yarog‘lar bilan qurollangan harbiy-dengiz kuchlarining jangovar kemalari suvga g‘arq qilinib, qirg‘oq piyoda qo‘shinlari butunlay tor-mor keltirildi. Shunday qilib Bargashning yangi imperiyasi bor yo‘g‘i qirq daqiqa ichida butunlay yakson bo‘ldi.

Dil MUROD tarjimasi.