Tarixiy nomlarni tiklash tarafdorimiz

Shu yil 11 yanvar kuni kanalimizda “Bizga Turon emas, Arpaariq ma’qul: Mahallamizga aholining roziligisiz nom berilgan” sarlavhali maqola berilgan edi. Unda 2017 yil aholi roziligisiz mahalla nomi o‘zgartirilganligi keltirilgan.

Fuqarolarning mazkur murojaati yuzasidan kanalimizga viloyat hokimining maslahatchisi Sherali Temirov javob xati yo‘lladi. Unda, xususan, shunday deyiladi:

"Geografik ob’yektlar nomlarini nomlash va ularning nomini o‘zgartirish “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 oktyabrdagi “Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik ob’yektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori talablari asosida amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, nomni o‘zgartirish yoki nomsiz ob’yektni nomlash zarur bo‘lsa, mahalla fuqarolar yig‘inida shu hudud aholisi tomonidan berilgan takliflar o‘rganilib, tegishli tartibda bayonlashtiriladi va ko‘rib chiqish uchun Geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha tuman komissiyasiga taqdim etiladi. Tuman komissiyasi berilgan takliflarni ko‘rib chiqib, viloyat komissiyasiga yuboradi. Viloyat komissiyasi har tomonlama o‘rganib chiqib, tegishli tartibda bayonlashtiradi hamda ekspertiza xulosasi olish uchun Respublika komissiyasiga yuboradi. Respublika toponimika komissiyasi taqdim etilgan nomlarni har tomonlama puxta o‘rganib, ijobiy yoki salbiy xulosasini beradi. Ijobiy xulosa berilsa, nomni tasdiqlash uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga vakolatli organlar tomonidan kiritiladi. Bu jarayonlar esa ma’lum muddat vaqtni talab etadi.

Murojaat etilgan Oqdaryo tumanidagi “Turon” mahallasi, shu nom bilan o‘zgartirilgan aholi punkti va qabristonning tarixiy nomini tiklash bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganligini (“Turon” MFY tomonidan 2025 yil 17 yanvardagi 2-son yig‘ilish bayoni olingan) ma’lum qilamiz.