Tarixiy haqiqatlar: A.Pushkinning ajdodi xabash bo‘lganmi?

XIX asr o‘rtalaridan boshlab mashhur rus shoirining etnik kelib chiqishi ilmiy, adabiy doiralarda munozara va bahslarga sabab bo‘ldi. Uning Afrikadagi efiop qabilasi vakillariga o‘xshashlik jihatlari bo‘lsa-da, uni arablarga, yahudiy va qoraimlarga taalluqli ekanligini ta’kidlashdi. Bunga ko‘pchilik ishonsa, ayrim olimlar bunga shubha bildirishdi. Jumladan, Pushkinning ajdodlari Azov dengizi qirg‘oqlarida yashagan elat - qoraimlardan bo‘lgan, degan farazlar anchayin qiziqarli.

Xo‘sh, qoraimlarning o‘zi kim? Qoraimlar - IX-X asrlarda iudaizmning o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lgan oqimlaridan biri bo‘lib, ular yahudiy-ravvinchilar (talmudchilar) singari Tora, ya’ni Besh kitob yoki Qadimgi ahdlashuvga sodiq bo‘lishgan. Ammo ular Talmuddagi yahudiy qonunshunoslar tomonidan keltirilgan ilohiy qonuniyatlarni tan olishmagan. Ularning o‘z diniy qarashi va urf-odatlari bo‘lgan. Qoraim so‘zi «o‘quvchi», ya’ni «kitob o‘qiydiganlar», degan ma’noni anglatadi. Ular Qrimda XIII asrlardan keyin paydo bo‘lgan.

Qoraim ijodkorlardan bo‘lgan taniqli shoir haqida birinchi bo‘lib 2001 yilda ukrainalik tarixchi, adabiyotshunos olim A.N.Zinuxov (1950-2006) ma’lumot bergan. Ma’lumki, Pushkinning onasi tomonidan eng taniqli ajdodi Abram (Ibragim) Petrovich Gannibal (1696-1781) edi. U afrikalik qora tanli knyazlardan birining o‘g‘li bo‘lib, 1703 yilda turklar tomonidan o‘g‘irlanib, Istambulga olib ketiladi. Serblardan bo‘lgan qul savdogari Savva Lukich Raguzinskiy-Vladislavich (1669-1738) uni turklar qo‘lidan sotib olib, Moskvaga keltiradi. Yosh, jingalaksoch xabash rus imperatori Pyotr I caroyida cho‘qintirilib, Ibragim Petrovich deb atala boshlandi.

Ukrainalik adabiyotshunos savdogar Savva borasida o‘z fikrlarini bayon etar ekan, “Savva” qadim yahudiy tilida Var-Sava, ya’ni “adolatparvar” degani. Var-Savani esa Bibliyada Iosif deb nomlashgan. O‘z-o‘zidan Savva - bu azovlik Iosif degan ma’noni anglatadi. Azov shahri nomi ham aslida yahudiylarning «Iosif» ismidan olingan bo‘lishi mumkin”, deydi.

Pushkinning yahudiy qoraimlardan ekanligiga ko‘pchilikni ishontirishga uringan tarixchi olim qoraimlarning ajdodlari o‘rta asrlarda Azov dengizi sohillarida, Xazar hoqonligida yashagan va asosan Rossiya janubida savdo qiluvchi S.Raguzinskiy qoraimlik o‘smirni o‘sha yoqlardan olib kelgan bo‘lishi mumkin, deya taxmin qiladi. Yillar o‘tib, Rossiya shu tariqa o‘zining eng mashhur jingalaksoch shoiriga ega bo‘ladi.

«Sovershenno sekretno» gazetasida chop etilgan maqolada A.Zinuxov “A.S.Pushkinning ajdodlari qoraim bo‘lgani uchun ham rus shoirligiga da’vo qilolmaydi, degan fikrga borayotganim yo‘q. Tanasida bir qancha millat va elatlarning qoni aylanib yurgan bo‘lsa-da, bundan keyin ham buyuk rus ijodkori sifatida qolaveradi” deb ta’kidlaydi.

Ukrainalik olimning fikrlari qay darajada haqiqatga yaqin. Keling endi uning ayrim taxminlarini o‘rganib chiqaylik. Tarixdan ma’lum bo‘lishicha, savdogar S.Raguzinskiy yahudiy Iosif emas, balki Raguzi (Dubrovnik) shahrida istiqomat qiluvchi pravoslav serblardan bo‘lgan. Bibliyada qayd etilgan Iosif yoki Var-Savaning unga umuman aloqasi yo‘q. Azov shahri nomi ham qrim-tatarcha – “daryo og‘zi” yoki turkcha azak – «past joy») bo‘lib yahudiycha nomlar berilmagan.

Tarixdan ma’lum bo‘lishicha, o‘rta asrlarda Azov bo‘yida kam sonli qoraim jamoasi istiqomat qilgan. Ammo aynan Gannibal yashagan XVII asrlarga kelib, bu qabila a’zolaridan hech kim omon qolmagan. Shuningdek, ular mo‘g‘ul-tatarlar yurishi boshlangunga qadar, ya’ni XII asrgacha Shimoliy Qora dengiz sohillarida yashagan bo‘lib, Xazar hoqonligiga umuman aloqasi bo‘lmagan. O‘rganishlar Zinuxovning Pushkinning kelib chiqishi qoraimlarga kelib taqalishi to‘g‘risidagi nazariyalari noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib turibdi. Keyinchalik ham uning bu farazlarini qo‘llab-quvvatlaganlar bo‘ldi. Ammo ular ham tarixni o‘zgartiruvchi birorta dalil-isbot ko‘rsata olishmadi.

Shunday bo‘lsa-da, Pushkinni qoraimlar bilan bog‘lab turuvchi nimadir topildi. Odessa shahrida Novorossiya general-gubernatorining xotini Yelizaveta Voronsova unga tilla uzuk sovg‘a qilgan. Unda qadimgi yahudiy tilida qoraimcha harflar bilan bir nechta so‘z o‘yib yozilgan. 1917 yilda mazkur uzuk Pushkin muzeyidan o‘g‘irlab ketilgan bo‘lib, hanuzgacha taqdiri noma’lum.

Afsuski, Pushkin Qrimga safari davomida qoraimlar bilan uchrashmagan. Hatto Bog‘chasaroyda yashagan vaqtida ham qoraimlarning tog‘da joylashgan Chufut qal’asiga qadami yetmagan.

Demak, buyuk rus shoirining ajdodi Gannibalning qoraimlardan bo‘lganligi to‘g‘risidagi farazlar o‘zini oqlamadi. Uning afrikalik habashlarga kelib taqalishi hozircha yagona haqiqat bo‘lib turibdi. Pushkin oilasini qoraimlar bilan bog‘lab turgan yagona dalil esa hozircha shoirga sovg‘a qilingan qadimgi yahudiycha yozuvlari bitilgan oltin uzuk, xolos. Nahotki, shu birgina unsur uning efiop emas, balki yahudiy ekanligini bildirsa? Bunga ishonish qiyin.

Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.