Tarixiy yaqinligimiz hayotga ko‘chdi

Juma Hamroyev, SamDU professori:

- Prezidentimizning Tojikistonga amalga oshirgan ikki kunlik safarini kuzatdik va o‘zimizda ikki mamlakat rahbarining sa’y-harakatlaridan mamnunlik his etdik. Chunki faxrlansa arziydigan ishlar bo‘lyapti - mamlakatlarimiz iqtisodiy va savdo aloqalari tobora rivojlanyapti. Urgutda Tojikiston homiyligida maktab qurilgani, Ko‘bodiyonda O‘zbekiston homiyligida tibbiyot majmuasining bunyod etilgani ikki mamlakat rahbarlari olib borayotgan xalqparvar tashqi siyosatning amaldagi natijasi, ikki tilli bir xalqning amaldagi tasdig‘i.

Madaniy-gumanitar aloqalar tobora mustahkamlanib boryapti. Masalan, birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg‘ona vodiysida uchrashadi.

Shuningdek, o‘tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda ham o‘zgarish katta bo‘ldi. 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 500 million dollarga yetdi. Bu yil esa qiymati qariyb 700 million dollar bo‘lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan kechgan muzokaralar davomida «Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda», deya ta’kidladi. Darhaqiqat, asrlar davomida shakllangan o‘zaro do‘stlik, birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda.