Tarixning ayanchli sahifalari: “Tozalash” niqobidagi qatag‘on
Chor Rossiyasi o‘z mustamlakachiligining ilk kunlaridanoq mahalliy xalqni talash, uning milliy boyliklarini o‘zlashtirish, tub aholining asrlar osha shakllangan ma’naviy, ma’rifiy, milliy qadriyatlarini toptash siyosatini yurita boshladi.
Bu Turkistonda tom ma’nodagi qatag‘onning boshlanishi edi. Afsuski, ana shu razil siyosat bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng yanada avj oldi. Ushbu jarayon tarixga “qatag‘on” nomi bilan muhrlandi.
Qatag‘on o‘tgan asrning 20-yillarida boshlanib, 30-yillar boshida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. 1937 yilgacha xalqimizning savodli, bilimdon kishilari, ziyolilari, mard o‘g‘lonlarini yo‘q qilishga, sindirishga qaratilgan edi. O‘sha davrda yana bir qabih siyosat yuritildiki, uning nomi “tozalash” deb yuritildi.
Buning uchun hatto Moskvadan barcha sovet idoralariga, kooperativlar va jamoat tashkilotlariga alohida yo‘riqnoma yuborildi. Har bir fuqaro ustidan kuchli nazorat o‘rnatildi. Oqibatda yer egalari, nisbatan to‘q oilalar, savdogarlar, bilimli kishilar, dindorlar, mulkdorlar, ularning oila a’zolari, hatto tasodifan shu toifadagi kishilar bilan bir tovoqdan osh yeganlar ham sovet hokimiyati uchun dushman deb topilib, barcha haq-huquqlardan mahrum qilindi.
“Tozalash” sovet hokimiyati va uning barcha bo‘g‘inlarini, jamoat tashkilotlari, birlashma va uyushmalar, qo‘yinki, o‘sha davrdagi hamma muassasa va idoralarni qamrab olib, maxsus komissiya ish olib bordi.
Natijada kelib chiqishi kambag‘al, qashshoq, batrak bo‘lmagan barcha fuqarolar va ularning yaqinlari sovet hokimiyati uchun dushman, ijtimoiy jihatdan xavfli, nomaqbul shaxs deb topilib, quvg‘in qilindi. Aniqroq qilib aytganda, qobiliyatini, bilimi va mahoratini ishga solib, o‘ziga va o‘zgalarga foydasi tekkan, jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shgan, ijtimoiy-iqtisodiy tayanchga ega har qanday kishi va ularning farzandlari, yaqinlari sovet tuzumi uchun yot bo‘lib qoldi.
Aksincha, o‘zining uquvsizligi, nodonligi, aqliy qobiliyatining pastligi tufayli kambag‘allik va qashshoqlik domiga tushib, kim nima desa o‘shani ma’qullaydiganlarning oshig‘i olchi bo‘ldi. Katta qatag‘on oldidan boshlangan va “tozalash” nomini olgan bu sovuq bo‘ron xalqimiz boshiga ayovsiz kulfatlar keltirdi. Bu bo‘ron boshlanishi bilan sovet hokimiyatining siyosati ikkiyuzlamachi ekanligi ham ko‘rinib qoldi.
Misol uchun, bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, ular “bosmachi” deb atagan Milliy ozodlik harakati ishtirokchilarini yo‘lidan ozdirish uchun turli va’dalarni berib, ma’lum bir qismini o‘z tomonlariga og‘dirishdi, taslim bo‘lishga ko‘ndirdilar. Hatto ma’lum vaqt avf etilib, ular ishli ham bo‘lishdi. Lekin bu vaqtinchalik edi, xolos. Buni arxivlarda saqlanayotgan tarixiy hujjatlar yaqqol isbotlaydi.
Jumladan, Samarqand viloyati davlat arxivining 842-fondidagi 433-ish hujjatlari to‘plamida ana shunday holatga duch keldik. U Samarqand viloyatini ijtimoiy xavfli unsurlardan tozalash bo‘yicha tashkil etilgan alohida “Uchlik” yig‘ilishining 1934 yil 18 iyundagi bayonnomasidan ko‘chirmada “Uchlik” komissiyasi Milliy ozodlik harakatining avf etilgan a’zolari – sobiq “bosmachi”lar bo‘lgan kattaqo‘rg‘onlik Orzi Jo‘raboyev, Mirza Xudoyqulov, Oston Jalilov, Murod Teshayev, Shukur Murodov, Qurbon Yo‘ldoshev va Temur Uzoqov ijtimoiy jihatdan xavfli va zararli shaxslar sifatida surgun qilingan.
Sovetlar “bosmachi” tamg‘asini bosgan Milliy ozodlik harakati ishtirokchilarini tanigan va bilgan fuqarolar ham bolsheviklarning tozalash harakati qurboniga aylangan. Ya’ni, alohida “Uchlik” komissiyasi yana o‘sha 1934 yilning 18 iyunda o‘tkazgan majlisida Ne’mat Oripov, Habib G‘aniyev, Mirsobir Solihovlarni bosmachilar bilan aloqadorlikda ayblash haqidagi Samarqand oblast ijroiya komiteti qarorini ko‘rib chiqib, ularni ham barcha huquqlaridan mahrum qilgan holda surgun qilish bo‘yicha qaror chiqaradi.
Buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘g‘li Ma’sudxon Behbudiy esa kasaba ushmasi a’zoligiga xohish bildirmagani uchun 1931 yilning aprelida O‘zbekiston meva-sabzavotchilik va uzumchilik birlashmasidagi tarjimonlik lavozimidan ayriladi. Bu ham bolsheviklar o‘tkazgan “tozalash”ning natijasi edi.
“Tozalash” qurboniga aylangan fuqarolar jamiyat uchun maqbul shaxs sifatida qora ro‘yxatga kiritilib, ular hech bir joyga ishga qabul qilinmagan. Ya’ni, yashash uchun daromad topishdan mahrum etilgan. Bunda xalqimiz orasiga suqilib kirib olgan sovet hokimiyatining “chaqimchi”lari ham juda katta ishni bajargan.
Jumladan, 1931 yilning 31 yanvarida Samarqand shahrining Ohalik ko‘chasida joylashgan “Parij kommunasi” nomidagi qizil choyxona qoshidagi “komsomol yacheykasi”ning yopiq majlisida boylar, quloqlar va ularning tarafdorlari bilan aloqada bo‘lgan, degan soxta ayblovlar qo‘yilib, mulla Shodi Fozilov, Abdulla Hamidov, Haydar Xalilov, Yo‘ldosh Jumaboyev, Usmon Qosimovni javobgarlikka tortish uchun ko‘rgazmali sud o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma prokuratura idoralariga yuboriladi. Bog‘izag‘on qishloq soveti partiya yacheykasi kotibi Xurram Jo‘rayev esa 26-27 tanob yeri bo‘lgani uchun quloq qilinishi so‘raladi. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin.
1937 yildagi katta qatag‘ondan oldinroq sovet hokimiyatining barcha bo‘g‘inlarida “shubhali”, deb topilgan har qanday shaxsning ma’naviy va jismoniy erkinligi toptalib, quvg‘in qilingan.
Bunday qabih ishni bolsheviklar barcha idora va tashkilotlarda, muassasalarda, birlashma va uyushmalarda, korxonalarda katta “mahorat” bilan bajarib, xalqimizning asl farzandlarini yo‘q qilishga intilganlar.
Xullas, 1937 yilgacha 10 yildan ortiq davom etgan “tozalash” niqobidagi quvg‘in ham tom ma’noda xalqimizning asl farzandlariga qarshi qaratilgan terrorning, qatag‘onning bir ko‘rinishi edi. Shunday ekan, milliy tariximizning hali o‘rganilmagan bu ayanchli sahifalari ham tarixchi olimlarimiz va ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotchilarning nazariga tushsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, o‘zbekistonliklar “tozalash” siyosati qurbonlarini ham bilishlari kerak.
Shavkat MAShARIPOV,
SamDU tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi xodimi.