Tarixning o‘qilmagan sahifalari: Brejnevning Andropovni qamoqqa olishga ruxsat berishiga nimalar sabab bo‘lgandi?

Ko‘pchilik o‘tgan asrning 80-yillari SSSRda ro‘y bergan shov-shuvli ayrim voqealarni esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak. Afg‘onistondan sovet askarlarining dastlabki sink tobutlari kela boshladi. Moskvada o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik, birin-ketin sodir bo‘layotgan pinhona jinoyatlar...

Xullas, sobiq SSSR Davlat xavfsizlik komiteti (KGB) va SSSR Ichki ishlar ministrligi xodimlarining ishlari boshlaridan oshib ketdi. Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishi oldidan Moskvani daydilar, fohishalar, jazo muddatini o‘tab qaytganlardan tozalash (maxsus buyruq asosida) boshlandi.

Mamlakatda jinoyatchilikka qarshi kurash va boshqa tartibbuzarliklarning oldini olish uchun birgalikda faoliyat olib borishi kerak bo‘lgan KGB va Ichki ishlar ministrligi xodimlari orasida pinhona «urush» e’lon qilingani unchalik sir bo‘lmay qolgandi. 1980 yilning dekabr oyida Moskva metropoliteni militsiyasi xodimlari tomonidan KGB ofitserining o‘ldirilishi bu ikki soha xodimlari janjali oloviga kerosin sepgandek bo‘ldi. Keyingi to‘qnashuvda esa SSSR KGBsi xodimlari tomonidan ichki ishlar xodimlarining besh nafari, jumladan, Moskva shahar militsiyasi beshinchi bo‘limi boshlig‘i Baranov otib o‘ldirildi.

1981 yilning 10 dekabrida mashhur qo‘shiqchi Zoya Fyodorova Moskvadagi kvartirasida vahshiylarcha o‘ldirib ketildi. Ichki ishlar xodimlari barcha aybni KGBchilarga ag‘darishdi. Go‘yo Z.Fyodorovaning Amerika Qo‘shma shtatlariga, qizining oldiga ko‘chib borishiga KGB "ruxsat" bermagan. Oradan ko‘p o‘tmay, 30 dekabr kuni marhuma Z.Fyodorovaning qo‘shnisi, sirk artisti Irina Bugromovaning brilliantlar kolleksiyasi o‘g‘irlab ketildi. KGBchilar bu o‘g‘irlikni mashhur opera qo‘shiqchisi Boris Buryas sodir etganligini isbotlashga urindi. B.Buryas esa Leonid Ilichning qizi Galina Brejnevaning xushtori edi. Bu esa 9 millionlik aholisi bo‘lgan Moskvada allaqachon shov-shuv bo‘lib ulgurgandi.

Tasodifmi yoki boshqa sabab bo‘libmi ushbu o‘g‘irlik ishi bo‘yicha tergovni Brejnevning bojasi, Yuriy Vladimirovich Andropovninig o‘rinbosari S.Svigun olib boradi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu "ish"ni to‘xtatib turishning aslo iloji yo‘q edi. Svigun bu ish bo‘yicha Brejnev qabuliga kirolmadi. Biroq M.Suslovning huzuriga chaqirtirildi. U qabulxonadan rangi bir alfozda bo‘lib chiqdi. Suslov va Svigun o‘rtasida qanday gap so‘z  bo‘lgani qorong‘i.  Lekin shu kuniyoq, 1982  yilning 19 yanvari soat 04:15 da Svigun dala hovlisida o‘z joniga qasd qildi. Sobiq SSSRning bosh targ‘ibotchisi M.Suslovning ham yuragi dosh berolmadi shekilli, oradan olti kun o‘tib, u ham bandalikni bajo keltirdi.

Shundan so‘ng chala qolgan bu ish bilan KPSS Markaziy Komitetining mas’ul xodimi A.Ivanov shug‘ullana boshladi. Ammo Ivanov Markaziy Komitet siyosiy byurosi majlisida bu haqda axborot berishga ulgurmadi. Yig‘ilish arafasida uni kvartirasidan o‘ldirib ketilgan holatda topishdi.

1982 yilning kuziga borib esa KGB bilan ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi. Nihoyat, 10 sentyabr kuni ertalab soat 10:00 da Ichki ishlar ministri Shyolokov KPSS Markaziy Komitetining bosh sekretari, quroldosh do‘sti L.I.Brejnevdan KGB raisi Yu.V.Andropovni qamoqqa olish haqida ko‘rsatma olishga muvaffaq bo‘ldi. L.Brejnev ham Yu.Andropovni yoqtirmasdi. Chunki u KGB rahbarining Markaziy Komitet kotibi M.S.Gorbachyov bilan til biriktirib, o‘zini "taxt"dan qulatish rejasini tuzayotganidan xabardor edi (Andropovning apparatida yozilgan maxfiy reja-dasturi ikki kundan so‘ng Amerika matbuotida chop etilgan edi. Alqissa, Andropovning kotibasi Fransiya razvedkasi xodimi bo‘lib chiqadi). 18 yildan ko‘proq vaqt mobaynida qudratli bir mamlakatni boshqargan Brejnevni ham “farosatsiz”, deb bo‘lmasdi, albatta. Andropov esa chop etilgan maqolani g‘irt tuhmatga chi-qaradi. Brejnev o‘ziga qarshi allaqanday fitnalar tayyorlanayotganini sezgandi. Shuning uchun ham u Andropovni xushlamasdi va ayni paytda undan hayiqardi ham.

... Shunday qilib Andropovni hibsga olish haqida Brejnev ko‘rsatmasi berilgandi. Militsiyaning uchta maxsus tuzilgan guruhi Lubyankadagi KGB binosini, eski maydondagi Markaziy komitetni va Kutuzov chorrahasidagi 26-uyni kurshab oldi. Bu uyda nafaqat Andropovning, balki Brejnev va Sholokovlarning ham oila a’zolari yashardi. Lekin chekistlar dovdirab qolmadi, balki bor mahoratlarini ishga solishdi. Militsiyaning ikki guruhi hatto qarshilik ko‘rsatishga ham ulgurmasdan "sindirildi". Kutuzov prospektidagi 3-guruh ham chekistlarning otishmalariga dosh berolmadi. Bu to‘qnashuv tafsiloti birgina Moskvada emas, boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi. Ahvol bunday dahshatli tus olishini xayoliga ham keltirmagan kasalmand Bosh sekretar shundan keyingina Andropovni tinch qo‘yishga qaror qildi. Boz ustiga Andropovni Markazqo‘mning ikkinchi kotibligiga o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Balki Brejnev o‘sha paytda oradan atigi ikki oy o‘tib Andropov o‘z o‘rnini egallashini xayoliga ham keltirmagandir...

1982 yilning noyabrida Andropov KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari etib saylandi. Uning dastlab qo‘l urgan ishlaridan biri KGB huzurida iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi 6-boshqarmaga asos solish bo‘ldi. Boshqarma xodimlari qisqa vaqt ichida ko‘plab yirik davlat mulkiga xiyonat va o‘g‘irliklarni ochib, aybdorlarni qamoqqa olishdi. Birgina Moskvaning o‘zida 4 ta yirik savdo markazining direktorlari va o‘rinbosarlari, boshqa soha xodimlari bilan qo‘shib hisoblanganda 800 dan ortiq kishi qamoqqa olindi. Andropovning ko‘rsatmasi bilan partiya va Sovet organlari, harbiy boshliqlar faoliyati ham chuqur o‘rganila boshlandi...

Yuksak lavozimda ishlab turganida Andropov Shyolokovdan darhol o‘ch olishi, o‘ziga qilgan kirdikorlari uchun uni qamoqqa tiqishi mumkin edi. Lekin Andropov yo‘lbarsdek sovuqqon bo‘lib, shoshilmadi. Ichki ishlar ministrligining moliyaviy kamomadlari ochilgach, dastlab Shyolokovning xotini 1983 yilning 19 fevralida o‘z joniga qasd qildi. Keyinroq sobiq Ichki ishlar ministri Shyolokov ham o‘zini to‘pponchadan otib o‘ldirdi. Ungacha esa Andropov ham bandalikni bajo keltirgan edi...

Izzatulla NORQUVVATOV tayyorladi.