Tarjima jarayonida uchraydigan lingvistik va madaniy to‘siqlar nima?

SamDU Urgut filialida “Madaniyatlararo muloqotning adabiy-lisoniy takomili hamda tarjima nazariyasi va lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy va amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbarxon Asrorov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan konferensiyada Turkiya Respublikasi Istanbul Milliy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i, Respublika ta’lim tarixi muzeyi direktori, professor Umit Atash, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev va Murodqosim Abdiyev, shuningdek, universitet va filial olimlari ishtirok etib, madaniyatlararo muloqotning adabiy-lisoniy asoslari, tarjima jarayonida uchraydigan lingvistik va madaniy to‘siqlar, zamonaviy lingvodidaktik yondashuvlar, xorijiy tillarni o‘qitish uslublaridagi yangiliklar mavzularida ma’ruza va muhokama qildilar. 

- Hozirgi globallashuv jarayonida turli millat va xalqlar o‘rtasidagi madaniy, lingvistik va axloqiy aloqalarning rivojlanishi, ularning adabiy hamda lisoniy ifodasini mukammallashtirish masalasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi filial direktori vazifasini bajaruvchi Shavkat Berdiyev. - Ayniqsa, tarjima san’ati, bu nafaqat so‘zlarnis, balki ma’naviyat, mentalitet va madaniyatlarni bir tilda ikkinchisiga ko‘chira olish san’atidir. Bunda nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan tadqiqotlar, zamonaviy lingvodidaktik yondashuvlar muhim o‘rin tutadi. Mazkur anjuman doirasida o‘z sohasining bilimdon olim va mutaxassislari tomonidan ilgari surilgan ilmiy qarashlar, taklif va g‘oyalar tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va ta’lim metodikasi yo‘nalishida yangi qirralarni ochishga xizmat qildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori Muhammad Sa’dun o‘z ma’ruzasida bugungi globallashuv sharoitida madaniyatlararo muloqotning chuqurlashuvi, tarjima jarayonlarida yuzaga kelayotgan nazariy va amaliy muammolar, shuningdek, lingvodidaktika sohasida dolzarb bo‘lib turgan masalalar yuzasidan mulohaza bildirdi, ozorbayjonlik professor Yashar Qasimbeyli ZOOM platformasi orqali “Ruhiyatimiz osmoning yorug‘ yulduzlari. Naqshbandiyalar” mavzusida ma’ruza qildi. 

Shuningdek, turkiyalik olim, Istanbul Milliy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i, Respublika ta’lim tarixi muzeyi direktori, professor Umit Atash “Ona vatanim Turkiya va ota yurtimiz Turkiston” mavzusida samarqandlik olimlar bilan o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi. 

SamDU Urgut filiali axborot xizmati.