Tarjimon, avvalo, tariximiz va milliy qadriyatlarimiz haqida yaxshi bilishi kerak
Samarqandga chet davlatlardan kelayotgan mehmonlar safi kundan-kunga kengayyapti. Sayyohlarni kutib olish, ularga tariximiz, an’analarimiz haqida aniq va to‘liq ma’lumot berishda gid-tarjimonlarning mahorati muhim. Afsuski, bugungi kunda tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanadiganlarning ayrimlari bir-biridan qiziqarli urf-odatlarimiz, ularning paydo bo‘lishi haqida xorijliklarga chet tilida tushuntirib berishda qiynalib qolyapti.
- Yosh tarjimonlarimiz ana shunday noqulay vaziyatga tushib qolishining oldini olish maqsadida soha uchun mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadigan Samarqand davlat chet tillar institutida ochiq darslar tashkil etilyapti, - deydi institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Sherzod Suyunov. – Birinchi ingliz tili fakulteti tomonidan o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir ham aynan shu maqsadga qaratilgan. Albatta, yoshlarimiz chet tilida ravon so‘zlasha olgani bilan tariximiz va milliy qadriyatlarimiz haqida chuqur bilimga ega bo‘lmas ekan, xorijliklarga tarjimonlik xizmatini ko‘rsatish, ularning e’tiborini tortishi qiyin. Shuning uchun ham bugungi kunda talabalarimizga professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan ochiq darslarda qadimiy an’analarimiz, milliy taomlar va hunarmandchilik mahsulotlarimiz, ularning tayyorlanish jarayonlari amaliy mashg‘ulotlar tarzida ko‘rsatib berilyapti.
Institutda o‘tkazilgan “Milliy qadriyatlar – jamiyat ko‘zgusi” mavzusidagi tadbirda talabalar tomonidan tayyorlangan taomlar va qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi, qadim qadriyatlarni o‘zida aks etgan turli tillardagi sahna ko‘rinishlari o‘zlari uchun muhim amaliyot darsi bo‘ldi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov,
Jasur Shukurov.