Tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi yana bir jinoiy guruh aniqlandi

DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Paxtachi tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh a’zolari aniqlandi.

Xususan, Paxtachi tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro yashash xonadonlarida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan taxminan 920 kg. ruda toshlar hamda boshqa ashyoviy dalillar (tosh tegirmon, «drabelka») aniqlanib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Jumladan, ushbu rudalarni qayta ishlash natijasida, 339 mln so‘mdan ortiq tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-taroj qilingan.

Hozirda, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.