Tarmoqqa noqonuniy ulanib, davlatga 10 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazgan “tadbirkor”lar aniqlandi
Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 12 yanvarda qabul qilingan 22-sonli qarori 70-bandida iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish 100 foiz olinadigan haq to‘lash asosida amalga oshirilishi, oldidan haq to‘lanmagan hollarda iste’molchilar elektr tarmoqlaridan to‘liq uzilishi belgilangan.
Ammo Bulung‘ur tumani elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxslari tomonidan “Yevro Sam invest” MChJning 4 milliard so‘m va “Bulung‘ur gaz servis” MChJning 3 milliard 256,5 million so‘m, “Mingmurod Dilmurod” MChJning 1 milliard 653 million so‘m, “Metin tekstil” MChJning 761 million so‘m, “Xamra Begim Mirali KNX bog‘i” fermer xo‘jaligining 199,1 million so‘m, “G‘o‘bdin nihollari” MChJning 214,5 million so‘m, “Bulung‘ur meva-sabzavot” MChJning 69 million so‘m va yana o‘nlab korxona va fermer xo‘jaliklarining qarzdorligi mavjud bo‘lsa-da, bu iste’molchilarni tarmoqdan uzish choralari ko‘rilmagan. Oqibatda davlat va jamoat manfaatlariga jami 10 milliard 608 million 700 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, tuman elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxslari tomonidan 2020 yilning avgust oyidan 2022 yilning avgust oyiga qadar 402 holatda 7 milliard 75 million so‘m qarzdorlik bo‘yicha birlamchi hujjatlarsiz, asossiz va noqonuniy qayta hisob-kitoblar amalga oshirilib, korxonadagi “Elektr hisob” dasturidan chiqarilgan.
Shuningdek, tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanganligi hisobga olish asboblari plombalariga qasddan shikast yetkazilish holatlari kuzatilgan. Buning oqibatida “Mingmurod Dilmurod” MChJ tomonidan 1 milliard 621,9 million so‘mlik, "Mug‘ol Chorbog‘ dalasi" fermer xo‘jaligidan 1 milliard 543 million so‘mlik, “Metin tekstil” MChJdan 454,4 million so‘mlik, “Xamra Begim Mirali KNX bog‘i” fermer xo‘jaligidan 199,1 million so‘mlik davlat va jamoat manfaatlariga (jami 3 milliard 818 million so‘mlik) zarar yetkazilgan.
Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonun hujjatlarini mensimasdan, o‘z moddiy manfaatlarini ko‘zlab shunday yo‘l tutayotgan ayrim kimsalar sabab yuzaga kelayotgan muammoli holatlar hamda ularning sababchilariga ko‘rilayotgan qonuniy choralardan barcha xulosa chiqarmog‘i lozim.