Tashlandiq joyda bolalar sport maydonchasi barpo etildi

Samarqand shahrida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uylar, istirohat bog‘lari, sport maydonchalari, ko‘cha va yo‘llarimiz zamonaviy shaharsozlik loyihalari asosida o‘zgarayotgan bir paytda shahardagi Al-Xorazmiy ko‘chasi 113-uyning yonidagi tashlandiq joydan foydalanish mumkinligini xayol qilardik. Chunki uyimizga yaqinroq bo‘lgan birorta bolalar maydonchasi bo‘lmaganligi sababli farzandlarimiz vaqtini qishda loy, yozda chang bo‘lgan joyda o‘tkazishga majbur bo‘lishardi.

Ammo yaqinda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan maslahatlashib, shu joyda bolalar sport maydonchasi qurishga amaliy yordam berishlarini so‘rab, shahar va viloyat hokimligiga murojaat qildik. Nihoyat, bizning fikrimiz ham inobatga olindi. Bir necha kun davom etgan qurilish ishlaridan so‘ng mazkur joyda zamonaviy bolalar sport maydonchasi qad rostladi. Endilikda nafaqat bizning «dom»dagi, balki mahallamizdagi boshqa uylardan ham bolalar, o‘smir-yoshlar, nuroniy otaxonu onaxonlar kelib, bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishmoqda.

«Obod mahalla» davlat dasturi loyihasi asosida qurilib foydalanishga topshirilgan ushbu maydoncha qurilishi viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, ishlar viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi. Xalqning dardini tinglab, mahallamizga yangi bolalar maydonchasi qurilishiga yaqindan yordam bergan mutasaddilardan minnatdormiz.

Jamila MUSTAFOYeVA.