Tashlandiq kartina 30 million dollarga baholandi
Belgiyadagi Lej shaharchasida qiziq voqea sodir bo‘lgan. 15 yil avval shaharchadagi barda bir kishi tasodifan qulog‘igacha qarzga botgan erkak bilan tanishib qoladi. U bechora kambag‘alga rahmi kelib undan 500 dollarga eskirgan, tashlandiq kartinani sotib oladi.
Yaqinda u azbaroyi qiziqqanidan polotnoni ekspertizaga berdi. Buni qarangki, omad kelsa hech gap emas ekan. Kartina Rembrant mo‘yqalamiga mansub bo‘lib chiqdi va u 30 million dollar atrofida baholandi.
Qo‘lga tushmas o‘g‘ri
1955 yilda Kann ( Fransiya)da Alfred Xichkok hashamatli “Karlton” mehmonxonasida “O‘g‘rini ushlang” filmini suratga oldi.
Oradan yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, o‘sha mehmonxonada jinoyat sodir bo‘ldi. U o‘zining dadilligi bilan mazkur film syujetiga juda o‘xshardi. Shu kuni “Karlton”da zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan. Zalga qo‘lqop kiygan, yuzini sharf bilan o‘rab shapkasini manglayiga bostirib kiygan erkak kiradi. U to‘pponcha bilan xodimlarni qo‘rqitib, umumiy qiymati 136 mln. dollarlik qimmatbaho buyumlarni sumkasiga joylab, yashirin yo‘lakdan chiqib, g‘oyib bo‘ladi. Hozirgacha uni tutishga muvaffaq bo‘lingani yo‘q.
Qisqichbaqalar qayerda qishlaydi?
Qiziq savol bo‘ldi-ku. Suvda yashagandan keyin suvda qishlaydi-da!..
Sal shoshmang javob berishga. Qisqichbaqani xush ko‘radiganlar boshqacha fikrda. Ular hozirgina tutilgan qisqichbaqalarni tanovul qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo qishda ularni tutish qiyin.
Nega?
Gap shundaki, qisqichbaqalar suv ostida qirg‘oqqa yaqin ungurlarda in kovlab, o‘sha yerda qishlashadi. Shu bois qadimgi kiborlar qishda qisqichbaqalarni muzlagan suv ostidan ovlab tutib kelish uchun gunoh qilgan kimsalarni yuborishgan ekan.
T.Shomurodov tayyorladi.