Tashqi ishlar vazirligi Chexiyaga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

Tashqi ishlar vazirligi Chexiyaga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligining himoya choralari to‘g‘risidagi qarori bilan 2020 yil 21 sentyabrdan chet el fuqarolarining ushbu mamlakatga kirish tartibi o‘zgartirildi.

Qayd etilishicha, COVID-19 xavfi past darajada bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmagan uchinchi davlatlarning barcha fuqarolariga hamda mazkur davlatlarda vaqtincha yoki doimiy yashovchi uchinchi davlatlarning barcha fuqarolariga Chexiyaga kirish taqiqlanadi. Shuningdek, COVID-19 xavfi past darajada bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmagan uchinchi davlatlarning birida so‘nggi 14 kun ichida 12 soatdan ko‘proq bo‘lgan barcha shaxslarga Chexiyaning butun hududi bo‘ylab 10 kun davomida yoki tegishli karantin choralari bekor qilingunga qadar erkin harakatlanish taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, 2 oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekiston COVID-19 xavfi past darajada bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.