Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz orasida Internet orqali katta miqdordagi pul evaziga mahsulotlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib berish haqidagi e’lonlar bo‘yicha muammolar yuzaga kelmoqda.
Norasmiy kurerlik xizmatlarida narkotik yoki taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berish taklif qilinmoqda va oqibatda politsiya xodimlari tomonidan kurerlar ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.
Agentlik migrantlardan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, pul evaziga shubhali buyumlarni yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni tekshirishni so‘ramoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan.