Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan 3979 nafar hamyurtlarimizga 300 ming so‘mdan beg‘araz yordam ko‘rsatildi

Xorijga chiqib, ishlab, daromad qilishga qaror qildingizmi? Unda siz uchun davlatimiz tomonidan qator imtiyozlar yaratilganligi haqida bilasizmi? Tashqi mehnat migratsiyasi agentliklari va uning viloyatlardagi filiallari huzurida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kassalarda sizga imtiyozli narxlarda temir yo‘l va aviachiptalar sotilayotganidan yoki chipta xarajatlari uchun beg‘araz moliyaviy yordam ko‘rsatilayotganidan xabaringiz bormi?  

Viloyat Matbuot uyida viloyat  hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat filiali direktori A.Hafizov ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida xorijda ishlashni xohlagan mehnat migrantlariga ko‘rsatilayotgan imtiyozlar haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.

- Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O‘zbekiston Resublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqishda xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018 yilning 1 aprelidan boshlab Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning hududiy filiallari huzurida ixtisoslashtirilgan kassalar tashkil etilgan edi, - deydi viloyat  hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov. –Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar ushbu kassalar orqali 20 foizlik chegirma bilan temir yo‘l chiptalari hamda aviachiptalar sotib olishlari mumkin. Shuningdek, ularga bir yilda bir marotaba «Aloqa bank» tomonidan chipta xarajatlarini qoplash uchun minimal komissiyali “VIZA MIGRANT” kartasi joriy qilinib, 300 ming so‘m miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda. Samarqand shahar, Bo‘stonsaroy ko‘chasi, 54-uyda joylashgan mazkur ixtisoslashtirilgan kassa xizmatlaridan 3979 nafar hamyurtlarimiz foydalanishdi.

Yana bir gap. Xorijda ishlashni istagan hamyurtlarimizning o‘z manzillariga yetib borgunga qadar bo‘lgan vaqtda hayoti va sog‘ligini sug‘urtalash ham ko‘zda tutilgan. Bu esa ularning mehnat qilish huquqlari, hayoti xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l davomida yo‘l-transport hodisalarini oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan xususiy bandlik agentliklari fuqarolarimizning xorijda munosib ish topish va joylashtirish, shuningdek, bu borada axborot va huquqiy maslahat berishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda. Hozirda viloyatimizdagi 11 ta xususiy bandlik agentliklari ushbu faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.

Matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tomonidan xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz qolgan fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatib kelayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Hozirgacha jamg‘arma ko‘magida Rossiya chet ellik fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan 73 nafar samarqandliklar o‘z oilasi bag‘riga qaytib keldi. Shuningdek, turli sabab bilan vafot etgan to‘rt nafar fuqarolarimizning jasadlari ham olib kelindi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.