Tashqi reklama bozori tartibi qanday ta’minlanyapti?
Reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, reklama bozori ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri. Bu borada Samarqandda qanday ishlar qilinyapti?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Ashurovning Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalari va davlat mulki bo‘lgan ob’yektlarga o‘rnatish maqsadida “Ye-auksion” elektron savdo platformasiga 1611 ta yer uchastkasi joylashtirilgan.
- Shundan 696 ta yer uchastkasi sotilib, 1018,7 million so‘m mablag‘ tushirilishi ta’minlandi, - deydi J.Ashurov. - Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida 2020-2022 yillarda 68 ta tadbirkorlik sub’yekti bilan 782 ta tashqi reklama ob’yektlarida (konstruksiyalarida) reklama joylashtirish huquqi uchun 2120 million so‘mlik shartnomalar tuzilgan. Shu asosda 1825,1 million so‘m mablag‘ undirilgan. Qolgan 294,9 million so‘m qarzdorliklarni joriy yil davomida undirish choralari ko‘rilmoqda.
2023 yilda tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun 82 ta sub’yekt bilan 3602,8 million so‘mlik shartnomalar tuzildi. Mazkur shartnomalarga asosan, bugungi kunga qadar 512 million so‘m mablag‘ tushirildi.
Axborot olami rivojlanib borayotgan bugungi davrda reklama faoliyatini tartibga solish, iste’molchilarni noto‘g‘ri reklamadan himoya qilish ham muhim masalalardan. Shu bois viloyat hokimligi, soliq boshqarmasi va hududiy boshqarmamiz xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan doimiy monitoring tadbirlari o‘tkazib kelinadi.
Bu borada 2022 yil va joriy yilning yanvar-aprel oylarida qonun talablariga mos kelmaydigan 21792 ga yaqin peshlavha, reklama, e’lon va boshqa axborot matnlari olib tashlandi.