Peshlavhalar qaysi xorijiy tilda yozilmasin, ona tilingda yangraganidek iliqlik bermaydi
Har kuni ko‘chaga chiqar ekanmiz, yangidan-yangi bunyod etilayotgan binolar, bog‘ va xiyobonlar insonga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Ammo do‘konlar, maishiy xizmat ob’yektlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalarning peshlavhalari, reklama va e’lonlar xorijiy, ayniqsa, rus va ingliz tillarida yozilishi kishining g‘ashini keltiradi. Afsuslanarlisi, kundan-kunga zamonaviylashib, chiroy ochib borayotgan ko‘chalarimizda o‘zbek tilida yozilgan nomlarni uchratish mushkul bo‘lib qoldi.
Abdurauf Fitrat o‘zining “Tilimiz” nomli maqolasida o‘zbek tilini eng boy, lekin imkoniyatidan kam foydalaniladigan til, deya tariflagan edi. Uning qarashlari bugungi kun uchun ham aytilgandek go‘yo.
Achinarlisi, ba’zi chet tilidagi so‘zlarning ma’nosiga ham e’tibor berilmaydi. Peshlavhalarda bitilgan ayrim so‘zlarning mazmuni milliy o‘zligimizga, qadriyatlarimizga, hatto axloq qoidalarimiz to‘g‘ri kelmaydi. Chet tillarida yozilayotgan bu nomlar qanchalik jarangdor bo‘lmasin, u shu yurtda yashovchi inson qalbiga iliqlik bermaydi.
Bugun boshlang‘ich sinflarda ham chet tillari o‘rgatilyapti. Bu yaxshi, albatta. Kishi qancha ko‘p til bilsa, uning tafakkuri kengayadi, bilim olish imkoniyatlari oshadi. Ammo har bir bolaga avval o‘z ona tilini mukammal o‘rgatish, uning qalbida shu tilga mehr uyg‘otish lozim. Sababi, hali o‘z fikriga ega bo‘lmagan bola qaysidir tilni o‘rganar ekan, istaymizmi, yo‘qmi o‘sha millat an’analari, qadriyatlari uning tafakkuridan o‘rin ola boshlaydi. Oqibatda esa uning ongida o‘zligiga begonalashish, o‘z ona tiliga e’tiborsizlik nish uradi.
Intizor MANNOBOVA,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi.