Mashhur kishilarning dori vositalari reklamasida ishtiroki taqiqlanadi

Oliy Majlis Senatining bugun o‘tkazilgan yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun bilan mashhurlarning dori vositalari reklamasida ishtiroki taqiqlanishi belgilandi.

Ta’kidlanishicha, amaldagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan bo‘lib, bugunga qadar unga 15 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shuningdek, ushbu soha qonundan tashqari yana 3 ta idoraviy hujjat bilan ham tartibga solinmoqda.

Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda. Bular - darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish.
Bundan tashqari, qonunda dori vositalari reklamasiga qat’iy talablar o‘z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.