Avtobuslar reklama vositasimi?
Bugun Samarqand shahri ko‘chalarida qatnayotgan aksariyat avtobuslarning orqa-yon taraflariga ko‘z tashlasangiz, har xil dorilar haqida reklama yopishtirilganini ko‘rib, bu ulovlar yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanganmi yoki reklama uchunmi, deya ikkilanib qolasiz.
Ko‘pchilik “Buning nimasi yomon?”, deyishi mumkin. Gap shundaki, shahar ko‘chalarida transport qatnovi yil sayin tig‘izlashib boryapti. Bu harakat ishtirokchilari - haydovchidan ham, piyodalardan ham o‘ta hushyor bo‘lishni, xavfsizlik qoidalariga qatiy amal qilishni talab etadi. Avtobus kuzovidagi reklamalar boshqa haydovchilarni, piyodalarni chalg‘itib, xatarli holatlarni yuzaga keltirmaydimi? Bu reklamaga bir zum tikilgan haydovchi yoki piyoda svetofor chirog‘ini anglamay qolishi mumkin.
To‘g‘ri, jamoat transportidan reklama vositasi sifatida foydalanish avtokorxonalarga qandaydir daromad keltirayotgandir. Ammo bu ko‘cha harakati xavfsizligiga xavf solishi mumkinligini unutmaslik kerak.
Gap ko‘cha harakati, haydovchilar va yo‘lovchilar, piyodalar hayoti xavfsizligi haqida borar ekan, bu jarayonga xalaqit beradigan reklama, pannolarni mutasaddilar qayerga joylashtirish mumkinligini o‘ylab ko‘rishsa, yaxshi bo‘lardi.
Tog‘aymurod Shomurodov.