Tataristonda Rossiya miqyosida eng yirik iftorlik dasturxoni yoziladi

Rossiyada eng yirik iftor oqshomlaridan biri ikki yillik tanaffusdan so‘ng «Qozon-arena» stadionida bo‘lib o‘tadi va 15 ming ro‘zador mehmon qilinadi, deb xabar berdi jurnalistlarga Tatariston muftiysi Komil Samigullin. "Respublika iftori 25 may kuni yettinchi marta bo‘lib o‘tadi. Biz 15 ming nafar ro‘zadorni mehmon qilish niyatidamiz. Ularning barchasiga iftorlik dasturxoni yoziladi. Bizda bunaqasi hali bo‘lmagan", - dedi Samigullin.
Ko‘p ming kishilik majlis a’zolarining sezilarli qismi – 2,5 ming kishi – respublikaning musulmon hududlaridandir.
An’anaviy ravishda iftorda ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalar, imkoniyati cheklangan odamlar ishtirok etadi. Shu bilan birga, iftorga turli darajadagi rahbarlar, jamoatchilik va diniy tashkilot vakillari, Eron, Turkiya va Qozog‘istonning bosh konsullari qatnashadi.
VII respublika iftoriga kirish chiptalari bepul. Ularni Qozon masjidlarida va Tatariston muxtasibataxlarida olish mumkin. Bundan tashqari, tashkilotchilar tomonidan stadion hududidan tashqarida tarqatiladigan iftor uchun qo‘shimcha 1000 ta lanchboks ko‘zda tutilgan.
Mehmonlar jonli ijroda nashida va munojotlardan bahramand bo‘ladi. Iftor dasturida mashhur tatar diniy arboblarining va’zlari ham ko‘zda tutilgan.
Futbol maydonida ochiq osmon ostida jamoat namozi o‘qiladi, iftorlik esa stadion stiobati ostidagi maydonda tashkil qilinadi, 15 ming kishiga dasturxon yoziladi.
Taomnomaga an’anaviy ravishda quruq mevalar, mevalar, suv, sharbat, go‘sht va sabzavotlar, shuningdek, milliy pishiriqlar - ochpochmak (go‘sht va kartoshkali uchburchak somsa), bekken (karam va tuxumli somsa), chak-chak va konfetlar kiritiladi. Shuningdek, mehmonlarga osh tortiladi. Buning uchun 1,3 tonna guruch tayyorlab qo‘yilgan. Taomlar Qozon shahri oziq-ovqat va ijtimoiy ovqatlanish departamenti tomonidan tayyorlanadi va «Qozon-arena»da isitib beriladi.
Iftor o‘tkazishda 1158 nafar ko‘ngilli yordam beradi. Ularning eng kattasi 79 yosh, eng kichigi esa – 16 yoshda. Bu yil ko‘ngillilar 20 maydan ish boshlaydi: ular majlis o‘tkazish uchun joy tashkil qilishi, shanbalik o‘tkazishi, stollar o‘rnatishi gilamlar to‘shashi, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlab qo‘yishi, meva-sabzavotlarni yuvishi va quritishi lozim. Bevosita iftor o‘tkaziladigan kun mehmonlarni kutib olish, jamoat namozini tashkil qilish, taomlar tortish va mehmonlardan keyin tozalash ishlari yuklatiladi.