Tavsiyanomadan foydalanish muddati uch yil
J.SATTOROV,
Kattaqo‘rg‘on tumani.
– Sizda hali imkoniyat bor. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlarning qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
***
– Qo‘shimcha ballar hisobga olingan taqdirda ham tanlovdan o‘ta olmaganlarga imtiyoz belgilanganmi?
S.TURKMANOV,
Past Darg‘om tumani.
– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, ammo ular uchun imtiyozlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha ballarni hisobga olgan holda tanlovdan o‘ta olmagan abituriyentlarning respublikadagi boshqa oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish to‘g‘risidagi arizalari test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bunda abituriyent tanlagan boshqa oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tasdiqlangan umumiy qabul kvotasi doirasida, imtiyozlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha ballni hisobga olgan holda, fanlar bo‘yicha topshirilgan test sinovlari fanlar to‘plami (bloki) va abituriyent tomonidan to‘plangan ballarga muvofiq, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat komissiyasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
***
– Muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdim. Kontrakt summasini to‘lashda qanday moddiy imtiyozlardan foydalanishim mumkin?
B.ABDUSALOMOV,
Payariq tumani.
– Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kontrakt summasining 35 foizini to‘lash orqali moddiy yordam ko‘rsatishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bunda ham ayrim talablar bor, ya’ni sobiq askar bakalavriatda o‘qishi, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol ishtirok etishi, to‘lov-shartnoma bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdorining 65 foizini belgilangan muddatlarda to‘lagan bo‘lishi lozim.
Savollarga O‘zbekiston yoshlar
ittifoqi viloyat kengashi raisi
Rustam QOBILOV javob berdi.