TDIU Samarqand filialining ilk talabalari diplom oldi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialini bu yil ilk talabalari bo‘lgan 201 nafar yoshlar bitirmoqda.

Bugun filialda jami 2108 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ulardan 1104 nafari kunduzgi ta’lim shaklida, 41 nafari qo‘shma, 726 nafari sirtqi, 237 nafari ikkinchi oliy ta’lim sirtqi, 81 nafari magistratura mutaxassisliklari talabalaridir. Qabul parametrlari bo‘yicha bu yil filialning kunduzgi ta’lim shakliga 50 ta davlat granti, 300 ta to‘lov-kontrakt asosida kvota ajratilgan. Shuningdek, sirtqi ta’lim shakliga 150 ta, magistraturaga 38 ta kvota ajratilgan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Filialda xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlangan, - dedi filialning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Ahrorov. – Shu bois Germaniya, Latviya va Malayziya oliy ta’lim muassasalari bilan 2+2 dasturi asosida qo‘shma ta’lim shaklida ham talabalarni o‘qishga qabul qilamiz. Bundan tashqari, filial talabalari amaliyotni xorijda o‘tashi mumkin. Masalan, o‘tgan yili 70 nafarga yaqin talaba xorijda amaliyot o‘tagan bo‘lsa, bu yil 120 nafar talaba chet elda amaliyot o‘tamoqda.

Filialga texnikumni bitirgan talabalar ham suhbat asosida ikkinchi kursga qabul qilinadi. O‘tgan yili 27 nafar texnikum bitiruvchisi o‘qishga qabul qilingan. Shuningdek, magistratura ta’lim shaklida Iqtisodiyot (Islomiy bank ishi) yo‘nalishida Malayziya oliy ta’lim muassasasi bilan qo‘shma ta’lim shakli joriy etilgan.
Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida filial mas’ullari talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham ma’lumot berdi. Ayni paytda oliy ta’lim muassasasi hududida davlat xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar yotoqxonasi qurilmoqda. Mavjud talabalar turar joyi kapital ta’mirlanmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.