Tekis tishlar sari murakkab yo‘l

Bugungi kunda breketlar qo‘llash tobora ommalashmoqda. Biroq ortodontik davolash faqat tekis tishlarga erishish emas, balki suyak to‘qimasida kechadigan murakkab biologik jarayondir.

Tishlarga nazorat qilingan kuch ta’sir etganda, suyak qayta shakllanadi va tishlar yangi holatga moslashadi.
Davolashda kuchning noto‘g‘ri taqsimlanishi ildiz rezorbsiyasi, milk chekinishi va boshqa asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ortodontik reja rentgen, 3D tasvirlar va raqamli tahlillar asosida individual tarzda tuziladi.

Muhim bosqichlardan biri — retensiya davri. Breketlar yechilgach, tishlar avvalgi holatiga qaytishga intiladi. Bu jarayon maxsus reteynerlar yordamida nazorat qilinadi. Retensiyaga e’tiborsizlik butun davolash natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Breket taqqan bemorlar ovqatlanish va og‘iz gigiyenasiga alohida ahamiyat berishi lozim. Qattiq yoki yopishqoq mahsulotlar tizimga zarar yetkazishi, oziq-ovqat qoldiqlari esa emal demineralizatsiyasi va oq dog‘lar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Zamonaviy ortodontiyada metall, keramik, safir va self-ligating breketlar qo‘llaniladi. Biroq qaysi tizim tanlanishidan qat’i nazar, eng muhim omil bemorning klinik holati hisoblanadi.
Noto‘g‘ri prikus nafaqat tishlarga, balki chaynash funksiyasi, nutq va jag‘ bo‘g‘imiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim murakkab holatlarda ortodontik davolash jarrohlik bilan birgalikda olib boriladi.
Breketlar faqat estetik vosita emas, balki sog‘lom va funksional jag‘-tish tizimini shakllantiruvchi tibbiy yechimdir. Ular sabr, intizom va muntazam nazorat talab qiladi. Natija esa nafaqat chiroyli tabassum, balki uzoq muddatli sog‘lomlik, o‘zini ishonchli his qilish va hayot sifati oshishidir.

Umidjon Usmonov.