Telemeditsina nima va u qanday imkoniyatlarga ega?
Hozirgi kunda jahonda telemeditsina xizmati keng rivojlanmoqda. Bizda ham ushbu xizmat turini tashkil etish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi startap granti doirasida Innovative Developers MChJ tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ohangaron va Urgut tumanida innovatsion telemeditsina xizmati tashkil etilmoqda.
Xo‘sh, telemeditsina xizmatining o‘zi nima?
Tibbiy xizmat ko‘rsatishning asosiy yo‘nalishi funksional tekshiruvni amalga oshirish, boshqa hududdagi, xususan, poytaxtdagi tibbiyot markazlari, xorijiy mutaxassislar hamda yetakchi tibbiyot markazlari bilan aloqa o‘rnatgan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash va profilaktikani o‘z ichiga olgan telemeditsina xizmatini amalga oshirishdir.
Mazkur tumanlarda ishga tushirilayotgan telemeditsina uskunalari elektroenseflograf, ultratovush tashxisi uskunasi, elektrokardiograf, dermatoskop, otoskop, stetoskop kabi internet tarmog‘i orqali ma’lumotlarni uzatuvchi uskunalar bilan jihozlanmoqda. Ular ma’lumotlarni tasvir, video, audio yozuv sifatida maslahat beruvchi mutaxassis internet tarmog‘i orqali yetkazib bera oladi va “ikkinchi fikr” yoki konsilium tashkil qilish yoki maslahat olishda xizmat qiladi.
Bu esa hududlardagi aholining sifatli va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishiga, kasalliklarni erta aniqlash va asoratlari rivojlanishining oldini olishga ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi. Mamlakatda tibbiyot yuksalib borgani sari tibbiy turizm rivojlanishiga imkon yaratadi.
A.Norboyev,
Innovatsion rivojlanish vazirligining Urgut innovatsion hududi bo‘yicha mas’uli.