“Temir xotin”dan “Masxaraboz”gacha
Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli dramaturg Sharof Boshbekov tavallud topgan kun.
Sharof Boshbekov 1951 yilning 4 yanvarida Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Toshkent madaniyat va san’at instituti musiqali aktyorlik bo‘limida tahsil olib, Toshkentdagi Muqimiy nomli teatrda, Sirdaryo viloyati teatrida aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatgandi. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, O‘zbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida adabiy xodim bo‘lib xizmat qilgan.
Dastlab «G» varianti», «G‘urur», «Jumboq» kabi hikoyalar yozdi. Shundan «Tushov uzgan tulporlar» dramasi, «Taqdir eshigi», «Eshik qoqqan kim?», «Eski shahar gavroshlari», «Temir xotin» kabi jiddiy komediyalarini yaratdi.
«Temir xotin» komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qo‘yildi. Shuningdek, Sh.Boshbekov ssenariysi asosida «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz», «Tilla bola» kabi filmlar yaratildi. U «Masxaraboz», «Farhod va Shirin» filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida qatnashdi. Uning ssenariysi asosida «Charxpalak» teleseriali dunyoga keldi. Bundan tashqari «Tentak farishtalar», «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» kabi sahna asarlari respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etilgan.
U 1990 yilda Davlat mukofotiga, 1999 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga sazovor bo‘ldi. 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
Sharof Boshbekov 2022 yil 26 yanvarda vafot etdi.
Quyida dramaturgning “Temir xotin” komediyasidan parcha o‘qiysiz.
***
Qishloq. Oddiy, kamtarona hovli. To‘g‘rida bir necha ustunli peshayvon, o‘ngda lastakkina ko‘cha eshigi, oldinroqda yog‘och karavot. Sahnadagi har bir jihoz, har bir buyumda nimadir yetishmaydi: eshik-deraza romlarining yarmi bo‘yalgan, yarmining rangi o‘chib ketgan; yog‘och karavotning bitta oyog‘i yo‘q, o‘rniga g‘isht terib qo‘yilgan; ko‘rpa-yostiqqa yamoq tushgan; piyolalarning labi uchgan yoki chegalangan, choynakning jo‘mragiga tunuka kiygazilgan va hokazo.
Peshayvon ustuniga Qo‘chqor arqon bilan chandib tashlangan, ust-boshi, aft-angoriga qarab bo‘lmaydi. Shu ko‘yi uxlab qolgan bo‘lsa kerak, avval sekin qimirlab qo‘yadi, so‘ng ko‘zini ochmay esnaydi. Oyoq-qo‘lining o‘ziga bo‘ysunmayotganiga hayron bo‘lib, bir-ikki chiranib ko‘radi.
QO‘ChQOR (uy tomonga). Ho‘, tirikmisan?.. (Tipirchilaydi.) Yechib qo‘y darrov, ho‘-o‘!.. Qumri, deyapman, jahlim chiqsa nima bo‘lishini bilasan-a! Yaxshilikcha bo‘shat! (Bir oz kutib.) Iye, bir balo bo‘lganmi bunga?.. Oxirgi marta aytyapman, agar hozir yugurib kelib, qo‘limni bo‘shatmasang...
Ichkaridan Qumri chiqadi. U o‘ttiz-o‘ttiz beshlarda, lekin yoshiga nisbatan ancha katta ko‘rinadi.
QUMRI (arazli). Nima qilasiz?
QO‘ChQOR. Qo‘yvoraman!
QUMRI (xo‘rligi kelib). Nima?..
QO‘ChQOR. Pattangni qo‘lingga tutqazaman!
QUMRI (Birpas eriga ta’na aralash qarab turadi-da, dordagi kiyim-kechaklarini yig‘ishtira boshlaydi). Hozir eridan patta so‘rab o‘tiradigan zamonmas.
QO‘ChQOR. Iye! Bepatta ketaveraman, de? (Javob ololmagach.) Hech bo‘lmasa, bitta qo‘limni bo‘shatib qo‘y, nomard!
QUMRI. Bitta qo‘lingizni bo‘shatganim bilan foydasi yo‘q.
QO‘ChQOR. Nega bo‘lmas ekan, qashinib olaman.
QUMRI. Qayeringiz qichishyapti, ayting, o‘zim qashib qo‘yaman.
QO‘ChQOR (bu gapni kutmagan edi, dovdirab qoladi). Sening bo‘ying yetmaydi...
QUMRI. Ixtiyoringiz... (Kiyim-kechaklarni katta ro‘zg‘or sumkasiga joylay boshlaydi.)
QO‘ChQOR. Menga qara, o‘zing bog‘ladingmi yo bitta-yarimtasi qarashib yubordimi?
QUMRI. Sizga bas kelib bo‘larkanmi, bunaqa vaqtda traktor bo‘p ketasiz-ku!
QO‘ChQOR. Kim keldi?
QUMRI. Qishloqning yarmi keldi. Baqiraverib, dunyoni boshingizga ko‘tardingiz. Olti kishi arang epladi-ya.
QO‘ChQOR. Olti kishi? (To‘ng‘illab.) Ko‘pchilik yaxshi-da, ko‘pchilikdan o‘rgilay... Safar ham bormidi? A? - Qumri indamay ishini qilaveradi. - Sendan so‘rayapman, garangmisan?!
QUMRI. Ha, bor edi.
QO‘ChQOR. Tag‘in kim chiqdi?
QUMRI. Nima farqi bor?
QO‘ChQOR. Farqi bor! Ertaga kimdan uzr so‘rashimni bilishim kerakmi? E... bugun, deganim.
QUMRI. Muhiddin akaning o‘g‘li ikkita o‘rtog‘i bilan armiyadan kelgan ekan. Otpuskaga. Avval uch kishi bo‘lib o‘shalar chiqishdi. Hech bo‘y bermadingiz.
QO‘ChQOR. Hm, armiya ham bas kelolmadi, degin?
QUMRI. Keyin Muhiddin aka bilan Safar akalar chiqishdi.
QO‘ChQOR. Yana?
QUMRI. Shu...
QO‘ChQOR. Olti kishi, deding-ku!
QUMRI. Men ham sal-pal qarashvordim...
QO‘ChQOR. «Sal-pal»mish! Yechilmayotganidan ham biluvdim, sening qo‘ling tekkanini! Mol arqonlab o‘rganib qolgansan-da, bog‘lagan tuguningni matroslar ham yecholmaydi! E, qarashvormay ket! Bo‘pti, kechirdim, qo‘lni bo‘shat. - Qumri «yo‘q» deganday bosh chayqaydi. - Bu uyda men kimman o‘zi, a? (Baqirib.) Qo‘chqormanmi yo Qo‘chqormasmanmi?! Qo‘chqorman!!! (Birdan past tushib.) Qo‘chqor ekan, deb bog‘lab tashlayveradimi?.. Sho‘ri bor odam ekanman o‘zi... (Yana baqirib.) Hech bo‘lmasa, suv ber, ichim yonib ketyapti!
Qumri dastasiz krujkada suv olib chiqib, ichirib qo‘yadi. (To‘ng‘illab.) Qo‘ldan berganga qush to‘ymas... O‘tir mundoq. Qumri itoatkorlik bilan o‘tiradi.
Endi bir boshdan gapirib ber: kim nima dedi, nima qildi? Yo‘q, nima qilgani kerak emas, qilgan ishi boshidan qolsin! Kim nima dedi?
QUMRI. «Qo‘chqormas, ho‘kiz ekansan»...
QO‘ChQOR. O‘chir ovozingni! (Tipirchilab.) Hozir, lekin...
QUMRI . Voy, Muhiddin akaning gaplari-da, menga nima deysiz?
QO‘ChQOR. Muhiddin aka, degin?.. (Birdan.) O‘zining ko‘zi ukkinikiga o‘xshaydi, bildingmi?! Keyin-chi?
QUMRI. Safar aka «bunga hech aql kirmadi-kirmadi-da» dedilar. «Na kattaning gapini oladi, na kichikning, tovuqchalik aqli yo‘q...»
QO‘ChQOR. O‘zingdan qo‘shmay gapir!
QUMRI. Voy, o‘zimdan qo‘shib, nima?..
QO‘ChQOR. Ha-a?
QUMRI. «Hukumat ichmanglar, deb qaror chiqarib qo‘yibdi, bu ahmoqqa shuyam ta’sir qilmaydi», dedilar.
QO‘ChQOR. Ho-o, qarorniyam bilarkanlarmi! O‘zi sakkizinchi sinfda qolib ketgan! Chalasavod! Rasmi yo‘q ekan, deb gazit o‘qimaydi!
QUMRI. O‘zingiz ham o‘qimaysiz-ku?
QO‘ChQOR. Men vaqtim yo‘qligidan o‘qimayman, u savodi yo‘qligidan o‘qimaydi! Safar-ku, mayli. Sen-chi, sen? Shuncha gapni eshitib, qanaqa qilib chidab turding? Eringni shularga talatib qo‘yaverdingmi? E, seni xotin qilib yurgan menga ming rahmat-ye! Xo‘p, soldatlar nima deyishdi?
QUMRI. «Ras, duva, vzali» deyishdi.
QO‘ChQOR. Nima-li?
QUMRI. «Vzali».
QO‘ChQOR. «Vzyali», o‘qimagan! «Raz-dva»mish! Nima, armiyada faqat ikkigacha sanashni o‘rgatar ekanmi? Bir munday, yuz-yuz ellikkacha sanamaydimi, men o‘zimga kelib olmayman-mi! Sulayib yotgan bokschigayam o‘ngacha sanaydi-ku, shunchalik ham bo‘lmadikmi? Mayli, bo‘lar ish bo‘pti, qo‘lni yech.
QUMRI (achinib, sidqidildan). Yecholmayman, dadasi, mendan xafa bo‘lmang. Tushlikdan keyin qishloq oqsoqollari kelamiz, bir yaxshilab gaplashib qo‘yaylik, bo‘lmasa dumini ushlatmaydi, deb ketishdi...
QO‘ChQOR. Nima, mening dumimni ushlashdan boshqa ishi yo‘q ekanmi ularning? Oqsoqollarmish yana!..
QUMRI (ichkariga). Turobjon, bo‘la qol, bolam!
QO‘ChQOR (xotinining taraddudga tushganini endi payqab). Ha, yo‘l po‘stak?
QUMRI. Kecha nima dedingiz?
QO‘ChQOR. Nima debmiz?
QUMRI (yig‘lamsirab). Aytadiganingizni aytdingiz...
QO‘ChQOR. Aytadiganimiz nima ekan?
QUMRI. Hali odamlar kelib, tushuntirib berishadi. Men bolalarimni olib, oyimlarnikiga ketdim. Maktabdan to‘g‘ri o‘sha yoqqa borishadi.
QO‘ChQOR. Iye, jinnimisan, vey? Ozgina sho‘xlik qilsak, qilibmiz endi. Yigitchilikda nimalar bo‘lmaydi...
QUMRI (yig‘lamoqdan beri bo‘lib). Bu sho‘xliklaringiz o‘n olti yildan beri (qo‘lini bo‘g‘ziga olib borib) mana bu yerimga kelgan...
QO‘ChQOR. Nolima, ho‘, nolima! Bola-chaqang oldingda, yeb-ichishdan kaming yo‘q, yana nima kerak senga?
QUMRI. Birov sizga, och qoldim, deyaptimi?
QO‘ChQOR. Nega bo‘lmasam, «u yerimga kelgan, bu yerimga kelgan» deyverasan? Kelgan bo‘lsa kelgandir...
Shu payt besh-olti yoshlar chamasidagi Turobjon yugurganicha hovlining narigi betiga o‘tib keta boshlaydi. Dadasiga ko‘zi tushib, suyunchi olmoqchiday, hovliqib axborot beradi.
TUROBJON. Dada, biz buvimlarnikiga ko‘chib ketarkanmiz! (Qo‘chqorning bog‘liq turganiga hayron bo‘lib.) Iye, nima qilib turibsiz dada?
QO‘ChQOR. Kim?.. Menmi?.. Ha endi, buvingnikiga ko‘chib ketadigan bo‘lsak, uyni tashlab ketamizmi, orqalab opketamiz-da, o‘g‘iltoy! Hozir, birpas nafasni rostlab olay, keyin «yo pirim» deb ko‘taramiz-u, ketaveramiz.
Turobjonning ishi shoshilinch shekilli, dadasining gapini oxirigacha eshitmay, yugurib chiqib ketadi.
(Qumriga.) Bolaning oldida sharmanda qilding-ku odamni!
QUMRI. Meni el-yurt oldida sharmanda qilganingiz-chi?
QO‘ChQOR. Ichgan men, sen nega sharmanda bo‘lasan?
TUROBJON (qaytib kelib, tomga qaraganicha). Kuchingiz yetmaydi-yov, dada.
QO‘ChQOR (ma’yus). Bitta imorat nima bo‘pti, o‘g‘iltoy, bu yelkalar qanaqa yuklarni ko‘tarmagan...
QUMRI. Bo‘la qol, bolam. (Sumkani olib, o‘g‘lini yetaklaganicha.) Yaxshi-yomon gap o‘tgan bo‘lsa xafa bo‘lmang, dadasi...
QO‘ChQOR. Ketsang yechib ket, ho‘! Insofing bormi o‘zi, qanaqa odamsan?! (Qumri chiqib ketgach) Mastligimda urib, mayib-payib ham qilib qo‘ymagan ekanman — jimgina uyda o‘tirardi... (Atrofga chorasiz alanglaydi. Alam bilan qandaydir kuyni xirgoyi kiladi, so‘ng qo‘shni hovli tomonga qichqiradi.) Bozortoy! Ho‘-o‘, Bozortoy! Bir turqingizni ko‘rsatvoring, Bozortoy-ho!..
Devor osha Sharofat mo‘ralaydi.
ShAROFAT. Ha? Voy, o‘lay...
QO‘ChQOR. Haligi... Yaxshimisiz, kelin?
ShAROFAT. Rahmat...
QO‘ChQOR. Bolalar yaxshimi?
ShAROFAT. Ha, yurishibdi...
QO‘ChQOR. Shu, desangiz... Bozortoy uydami?
ShAROFAT. Bozorvoy akam ikki qop bodring olib, bozorga ketuvdilar.
QO‘ChQOR. Ha-a... Uyda bo‘lsa tok qaychisini berib tursin, devdim. Ishkom ja tarvaqaylab ketibdi...
ShAROFAT. Kelsalar o‘zlaridan so‘rarsiz, bo‘lmasa urishib beradilar. (G‘oyib bo‘ladi.)
QO‘ChQOR. Qurumsoq! Eng yaqin jo‘rammish yana! (Bir-ikki chiranib ko‘rib.) E, xudo! Senga nima yomonlik qiluvdim-a? (Yana tipirchilaydi, xavotirlanib tepaga qarab qo‘yadi.) Bosib qolmasmikan?.. (To‘satdan, ko‘cha tomonga.) E, ketsang ketaver! Onasi o‘pmaganiga uylanmasam, men ham yurgan ekanman! (Alam bilan.) Hech bo‘lmasa, ketayotganida qo‘limni yechib ketadiganiga uylanaman...
Tashqaridan mashinaning kelib to‘xtagani eshitiladi. Ko‘p o‘tmay, Olimjon bilan shofyor odam bo‘yi keladigan yog‘och qutini qiynala-qiynala ko‘tarib kirishadi.
OLIMJON (shofyorga). Rahmat, og‘ayni. (Pul berib.) Mana. Yaxshi boring. (Shofyor chikib ketgach, u yoq-bu yoqqa alanglaydi.) Kim bor? Qo‘chqor aka! Turobjon! (O‘zicha.) Iye, eshik ochiq-ku... (Chaqirib.) Kennoyi!
QO‘ChQOR. Kennoying onasinikida. Ketib qoldi... Xotin — jafo, Olimtoy!..
OLIMJON. E-e, Qo‘chqor aka, assalomu alaykum! Mana, tag‘in keldik-da. (Ko‘rishmoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zadi.) Iye?.. Kim bunaqa qildi?
QO‘ChQOR. Kim bo‘lardi, bunaqa bema’ni narsa faqat bizning xotindan chiqadi!
OLIMJON. E-e, chatoq bo‘pti-ku... Ketib qoldilar, deng? Attang... Nega bog‘ladilar?
QO‘ChQOR. E, Olimtoy, surishtirib nima qilasiz, avval qo‘lni yechsangiz-chi! Kechadan beri onamni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rdim!
OLIMJON. Ha-ya... (Yechadi, uning belidan olib, karavotga o‘tqazadi). Kechadan beri turibman, deng?
QO‘ChQOR. Voy, jonim-yey!.. Shu, xotin zotini kim o‘ylab chiqargan ekan-a, Olimtoy?
OLIMJON (kulib). Birovni birov o‘ylab chiqaradimi, qiziqmisiz. Xo‘sh, sog‘liklar yaxshimi, Qo‘chqor aka?
QO‘ChQOR. Zo‘r! Otday! (Ustunga ishora qilib.) Ana, otga o‘xshab tikka turib uxlayapmiz!
OLIMJON. Ha-a, kennoyimning ketib qolganlari yaxshi bo‘lmabdi. Jiyanlarga har xil o‘yinchoq olib keluvdim...
QO‘ChQOR (asabiy). Qo‘yaver, o‘zimiz o‘ynaymiz!
OLIMJON (hovlini ko‘zdan kechirib). Xafa bo‘lmang-u, Qo‘chqor aka, kennoyimgayam qiyin-da. Ahvolni qarang: haliyam o‘choq, haliyam tezak yoqiladi. Progress yo‘q.
QO‘ChQOR. Nima-gres?
OLIMJON. Progress. Taraqqiyot.
QO‘ChQOR. Progress bor. Ilgari tezak yoqilardi, endi tezakni solyarka bilan yoqyapmiz. Yaxshi yonyapti. To‘g‘ri, ovqatdan sal-pal hidi keladi-yu, lekin o‘rganib ketar ekan odam.
OLIMJON. Bir hisobga, sizgayam qiyin, shuncha bola-chaqa... Hechqisi yo‘q. Qo‘chqor aka, yaqinda hammasi yaxshi bo‘p ketadi. Mana, hozir «oilani planlashtirish» degan bir gap chiqib turibdi.
QO‘ChQOR. Nima-lashtirish?
OLIMJON. Planlashtirish. Bu gapning ma’nisi shuki, yaxshi yashash uchun bolani uch-to‘rttadan oshirmaslik kerak.
QO‘ChQOR. I!.. Xudoning o‘zi berib tursa nima deysan?
OLIMJON. Ha endi, xudo bermaydigan qilinadi-da.
QO‘ChQOR (go‘yo tushunganday). Ha-a... Shunaqa de? U... qanaqa bo‘ladi o‘zi, xotinlarimizni bir balo qilishadimi yo biz erkaklarni axtalashadimi?
OLIMJON (kulib). Obbo, Qo‘chqor aka-yey!..
QO‘ChQOR (xijolatli). Ha endi, tushunmagandan keyin qiyin-da...
OLIMJON. Bu tadbir siz va sizga o‘xshaganlarning manfaati yo‘lida bo‘lyapti. Bola-chaqa deb umri o‘tib ketmasin, bular ham odamga o‘xshab yashasin, degan gap bor buning tagida.
QO‘ChQOR. Yo‘q. tagidagi gap yaxshi ekan-u, lekin boshimizga qo‘ylarning kuni tushmasmikan, deyman-da.
OLIMJON. Qaysi qo‘ylar?
QO‘ChQOR. Bilmayman, esingda bormi-yo‘qmi, bir paytlar SJKmi, PJKmi degan bir balo chiquvdi. Haligi, qo‘ylarni sun’iy urchitib, ko‘proq qo‘zi olish uchun-da. Natija nima bo‘ldi? Qo‘yning zoti aynidi, qorako‘ldan sifat qochdi, har xil kasallikka chalindi. Shu, turib-turib olimlaringgayam tushunmay qolaman-da, Olimtoy. Bir qarasang, qo‘ylarga qarab «ko‘p tug‘» deydi, bir qarasang, o‘zbekka qarab «kam tug‘» deydi...
OLIMJON. Kechirasiz-u, Qo‘chqor aka, odam degan og‘ziga nima kelsa qaytarmay gapiraveradimi! Nima deyayotganingizni tushunyapsizmi? O‘zbek qayoqda-yu, qo‘y qayoqda! E, tavba... (Kuyinib.) Bu yerda gap xalqning turmushini yaxshilash haqida boryapti! O‘zingiz mundoq bir atrofingizga qarang, ayniqsa qishloqlarimizda turmush darajasi nihoyatda past! Chidab bo‘lmaydigan darajada past!
QO‘ChQOR (og‘rinib). Past, degin? Senlarniki balandmi? (Asabiy.) O‘qigan, olim odamsan, ko‘tar-da past bo‘lsa! «Pri-gres-mrigres» qilasan bu yerga kelib olib! Xotinlarning qorniga osilguncha paxta teradigan mashinani eplanglar!
OLIMJON. Nima, bizni hukumatning pulini shundoq yeb yotibdi, deb o‘ylayapsizmi? Biz ham qidiryapmiz, izlanyapmiz, o‘ylayapmiz.
QO‘ChQOR. E, bitta paxta teradigan mashinani ellik yil o‘ylaydimi! Goh rulini o‘zgartirasanlar, goh kabinasini, goh o‘tirg‘ichini — bo‘ldi! Biz, yangi mashina kelar ekan, deb do‘ppimizni osmonga otib yuramiz. Qarasak, o‘sha-o‘sha — Xolxo‘janing tayog‘i!
OLIMJON. To‘g‘ri, lekin bu muammoni asosiy maqsaddan kelib chiqib, kompleks hal qilish kerak.
QO‘ChQOR. Nima-pleks?
OLIMJON. Kompleks. Asosiy maqsad nima? Paxtani sifatli terib olishmi? Ana shu maqsaddan kelib chiqish kerak. Paxta teradigan mashinaning shakli qanaqa bo‘ladi — buning ahamiyati yo‘q. Muhimi, yaxshi tersin. Men bu borada boshqa yo‘ldan ketyapman, Qo‘chqor aka. Ko‘proq masalaning estetik tomoniga e’tibor beryapman. Bir tasavvur qiling-a: paxtazordan xotin-qizlarning quvnoq kulgisi eshitilib turibdi! Qiy-chuv, hazil-huzil! Kechqurunlari qishloq ko‘chalarini to‘ldirib, qiz-juvonlar o‘tishyapti! Ko‘rib ko‘z quvonadi, dil yayraydi! «Tar-tar-tar» qilib ko‘chadan traktor o‘tgani qayoqda-yu, qo‘ng‘iroqday ovozi bilan ko‘ngillarni entiktirib, qizlar o‘tgani qayoqda! Farqi bormi? Shuning uchun men paxta teradigan mashina emas, paxta teradigan elektron robot ustida ishlayapman. Tashqi ko‘rinishi odamdan farq qilmaydi. Ko‘radi, eshitadi, gapiradi! Tanasi ham plastik materialdan yasalgan...
QO‘ChQOR. Nima-stik?
OLIMJON. Plastik. Faqat tashqi ko‘rinishi emas, xatti-harakati, imo-ishoralari, gap-so‘zi odamga maksimum darajada yaqinlashtirilgan.
QO‘ChQOR. Nima-simum?
OLIMJON. Maksimum. Masalan, boshqaruv blokiga yumor hissi bilan bog‘liq mikrosxema o‘rnatilsa...
QO‘ChQOR. Nima-sxema?
OLIMJON. Mikrosxema. O‘rnatilsa, nihoyatda hazilkash, quvnoq, bir oz shaddodroq ayolga aylanadi. Lirik hisli mikrosxema o‘rnatilsa, ayollarga xos nazokat, ibo paydo bo‘ladi.
QO‘ChQOR. Nega ayollarga xos?
OLIMJON. Iya, boyadan beri nima deyapman? Robot ayol shaklida bo‘lishi kerak-da, bo‘lmasa nima qizig‘i bor? Ko‘rdingizmi, bir o‘q bilan ikki quyonni uryapmiz: ham xotin-qizlarimizni og‘ir qo‘l mehnatidan xalos qilamiz, ham paxtazordan qiz-juvonlarning kulgisi jaranglab turadi!
QO‘ChQOR. Kuladiyammi?
OLIMJON. Bo‘lmasam-chi! Kuladi, baqiradi, shivirlay-di! Bu mikrosxemalarning xarakteriga bog‘liq.
QO‘ChQOR. Shunaqa de? Xo‘p o‘sha... ayol-robotlaring ishdan keyin garajga borib yotadimi?
OLIMJON. Shunday desayam bo‘ladi. Lekin, garajlar yotoqxona tipida quriladi. Keyin, Qo‘chqor aka, bu robotlar juda arzonga tushadi, yoqilg‘i kerak emas — batareyalardan oziqlanadi. Ikkinchidan, ularni beto‘xtov ishlatish mumkin. Issiq demaydi, sovuq demaydi, kechasimi, kunduzimi — ishlayveradi!