Temir yo‘l vokzaliga hujjatsiz kirish mumkin, faqat...
Yaqin kunlargacha temir yo‘l vokzaliga kimnidir kuzatish yoki kutib olish uchun borganlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz vokzal hududiga kira olmas edi. Turli vaziyatlar bo‘ladi, kimdir hujjatini unutib qoldirgan, yana kimdir vokzalga borishi kerakligini kech bilgan, xullas, bu aholi uchun bir qator noqulayliklar keltirib chiqargani bor gap. Endi esa bunday muammo yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 apreldagi “Aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, temir yo‘l vokzallariga tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni so‘rash tartibi bekor qilindi. Aksincha, endi fuqarolarning vokzal binosiga kirib-chiqishi uchun yanada soddalashtirilgan tartib joriy etilmoqda.
– Bu hujjati yo‘q fuqarolar butun vokzal hududiga kirishi mumkin, degani emas, - deydi Samarqand temir yo‘l vokzali boshlig‘i Firdavs Nazarov. – Nizomga ko‘ra, hujjatsiz fuqarolar faqat vokzal binosiga kirib, poyezdni kutishlari mumkin. Yo‘lovchilar platformasiga esa faqat chiptaga ega bo‘lgan yo‘lovchilar hamda harakatlanishi cheklangan bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchi shaxslarning shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘tishlariga ruxsat beriladi. Chiptaga ega bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, chiptada ko‘rsatilgan ma’lumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatidagi ma’lumotlarga mos bo‘lmagan shaxslarning yo‘lovchilar platformasi va yo‘lovchi tashish vagonlariga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ya’ni, harakatlanishi cheklangan, bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni bevosita kuzatuvchi shaxslar perronga o‘tishi uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etishlari lozim. Shu bilan birga, har bir fuqaro va ularning yuklari vokzal hududiga kirishidan oldin vakolatli idora xodimlari tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Bu o‘z navbatida poyezd harakati hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qulayliklar faqat shundan iborat emas. Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil Samarqand temir yo‘l vokzali orqali “Andijon - Xiva”, “Xiva - Andijon”, “Termiz - Andijon”, “Qo‘ng‘irot - Andijon” yo‘nalishlari bo‘yicha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Prezidentning tegishli qarori talablaridan kelib chiqib, Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar elektropoyezd hamda Chexiyaning Skoda kompaniyasidan 30 ta elektropoyezd sotib olish rejalashtirilgan. Ayni xarid milliy temir yo‘l xizmatini zamon talablariga moslash imkonini beradi.
Asqar BAROTOV.