Temur tug‘ida aks etgan halqalar siri nimada edi?
Amir Temurning bayrog‘i moviy rangda bo‘lib, o‘rtasida uchta kulrang doira joylashtirilgan. O‘sha zamonlar suratlarida u ba’zan ikkita doira pastda, bittasi yuqorida, ba’zan esa ikkita doira yuqorida, bittasi pastda turgan holda tasvirlangan.
Bu bayroq bizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, u haqda tarixiy manbalarda ma’lumotlar bor. Xususan, Rui Gonsales de Klavixo esdaliklarida yozib qoldirishicha, «Temurbekning tug‘rosida uchta aylana tasvirlangan bo‘lib, bu uning dunyoning uch qismi hukmdori ekanini bildirgan…».
Mazkur davlat belgisi «tug‘», «bayrog‘», uni tutib turuvchi shaxslar esa «tug‘soba», «tug‘dor», «bayroqbardor» deb atalgan.
Amir Temur bayrog‘idagi uch doira aslida Amir Temurning tamg‘asi bo‘lgan va bu xususda tarixchi Ibn Arabshoh «uning otlaridagi tamg‘a, tanga-yu tillolariga zarb beriladigan (asosiy) belgi ham mana shunday uch halqadan iborat edi» deb aytib ketgan.
Davlat bayrog‘idan tashqari yuksak darajali qo‘shinboshilar, harbiy birikmalarning ham o‘z tug‘lari bo‘lgani ma’lum. Shu tariqa, o‘zini ko‘rsatgan harbiylar rag‘batlantirilgan, ham jangovar bo‘linmalarning bir-biridan ajralib turishiga erishilgan. Shu o‘rinda «Temur tuzuklari» asarining «Katta nog‘ora va bayroq berish tuzugi» e’tiborni tortadi:
«Amr qildimki, o‘n ikki katta amirlarning har biriga bitta bayroq va bir nog‘ora berilsin. Amir ul-umaroga bayroq va nog‘ora, tumon tug‘i va chortug‘ taqdim etsinlar. Mingboshiga esa bir tug‘ va karnay bersinlar. Yuzboshi va o‘nboshiga bittadan katta nog‘ora (tabl) bersinlar. Aymoqlarning amirlariga bo‘lsa, bittadan burg‘u taqdim etsinlar. To‘rt beglarbegining har biriga bittadan bayroq, nog‘ora, chortug‘ va burg‘u bersinlar. O‘n ikki amirdan qaysi biri dushman favjini sindirsa yoki g‘anim qo‘li ostidagi biror mamlakatni fath etsa, uni taqdirlab, agar birinchi darajali amir bo‘lsa, ikkinchi darajali, ikkinchi bo‘lsa, uchinchi darajali, uchinchi bo‘lsa, to‘rtinchi darajali amir martabasini bersinlar. Shu tartibda o‘n birinchi darajali amirgacha davom ettirsinlar, Agar o‘n birinchi darajali amir bo‘lsa, uni o‘n ikkinchi darajali amir qilib, bayroq, tug‘ va nog‘ora bersinlar. Shu yo‘sinda birinchi (darajali) amirga bitta tug‘, ikkinchisiga – ikkita, uchinchisiga – uchta, to‘rtinchisiga – to‘rtta tug‘ va nog‘ora berib, ularni tumontug‘ va chortug‘ olish martabasiga yetkazib rag‘batlantirsinlar».
Bayroq qo‘shinni birlashtirib, tartibni saqlashda muhim vosita bo‘lib, harbiy yurishlarda hukmdor qarorgohida bosh bayroq o‘rnatilgan. U barchaga ko‘rinadigan yuksaklikda hilpirab turar ekan, oliy hukmdorning shu yerdaligidan darak sanalgan.
Jangda harbiy qism bayrog‘ini qo‘riqlashga alohida ahamiyat berishgan. Chunki jangda bayroqlar orqali qanday usul qo‘llash, chekinish yoki hujum qilish va boshqa shunga o‘xshash ko‘rsatmalar berib borilgan.
Bayroqning yerga uloqtirilishi mag‘lubiyat sanalgan. Jangda dushman tomonning bayrog‘i tortib olinishi yoki urib tushirilishi batamom g‘alabaga erishilganidan dalolat bergan. Bunga misol qilib, Amir Temur va To‘xtamishxon o‘rtasida yuz bergan 1391 yilgi Qunduzcha jangini keltirish mumkin. Unga ko‘ra, Amir Temur To‘xtamishxonning bayroqdorini o‘z tomoniga og‘dirib oladi va jang pallasida bayroqdor motam belgisi sifatida to‘qqiz buqaning dumi bog‘langan mo‘g‘ul tug‘uni chang-tuproq orasiga uloqtiradi. To‘xtamishning askarlari bu yolg‘on belgiga ishonib, jang maydonidan tumtaraqay bo‘lib qochib qoladilar.
Tarixchi Muiniddin Natanziyning yozishicha, Sheroz hukmdori Shoh Mansur bilan bo‘lgan jangda (1393) dushman to‘satdan Amir Temurning markazda turgan xos soyaboni va bayrog‘iga hujum qiladi. Shunda bayroqbardor qochib, Sohibqiron asosiy qo‘shindan ajralib qoladi. Ammo Amir Temur uning hujumiga munosib qarshilik ko‘rsatib, hamlani qaytaradi. Shoh Mansur qochish yo‘lini tutishga majbur bo‘ladi. Ushbu voqea shunchalar tez yuz berganki, atrofdagilar sezmay ham qolganlar. Bo‘lmasa, oliy hukmdor qarorgohida bo‘layotgan olishuvlar, eng muhimi, tug‘sobaning yo‘qligi butun qo‘shinda sarosima uyg‘otishi va urush taqdirini hal etishi turgan gap edi.
O‘sha vaqtlarda zabt etilgan yoki o‘zini tobe deb bilgan shahar va qal’alarning devorlari ustiga g‘olib hukmdorning bayrog‘i osib qo‘yilgan. Masalan, Amir Temurga o‘z tobeligini bildirgani kelgan yunon elchilar Konstantinopolga qaytgach, Peradagi (hozirgi Galata) minoralariga Sohibqironning bayrog‘ini ko‘targanlar.
Tug‘ning ahamiyatiga yana bir yorqin misol Sultoniyaning zabt etib bo‘lmas sanalmish Qal’ai Safedi Amir Temur tomonidan egallanishi bilan bog‘liqdir. Dushman juda qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan paytda Oqbug‘o ismli bir sipohiy qoyaga tirmashib chiqib, mardlik ko‘rsatadi. Boshqalar undan ibrat olib, bayroqlarini yoyib, ot dumi bog‘langan tug‘larini boshlari uzra baland ko‘tarib, jangga otlanganlar. Shu tariqa ruhlantirilgan askarlar qal’ani egallaganlar, keyin esa Amir Temurning bayrog‘ini qal’a devorlariga qadaganlar. Bu qal’a to‘liq Amir Temur qo‘l ostiga o‘tganini anglatgan.
Amir Temur qo‘shini ko‘p hollarda harbiy bayroqlar rangiga mutanosib ravishda kiyingan. Manbalarda qayd etilishicha, Yildirim Boyazid bilan bo‘ladigan jang arafasida Muhammad Sulton bilan Samarqanddan kelgan qo‘shinning har bir qismida alohida rangli o‘z tug‘i bo‘lib, uning askarlari-yu otlari ham aynan shu rangdagi sovut, zirh, qalqon, egar, yopinchiq, o‘qdon, xalta va nayzalar bilan ta’minlanganlar. Masalan, to‘q qizil rangdagi bayroqlar to‘q qizil rangdagi jullar, qalqonlar, sadoqlar, kamarlar va to‘qalar bilan uyg‘unlashib ketgan. Shu alfozda oq, yashil, qirmizi va boshqa rangdagi qo‘shinlar turgan.
Vatan timsollari hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Xususan, bayroq mudom or-nomusni uyg‘otuvchi beqiyos kuch sifatida ozodlik, vatanni sevishga da’vat etib, milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Buyuk Amir Temur ham bu qadriyatni ulug‘ bilgan va shunga monand ish tutgan.
Kamola Qayumova,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
(“Ishonch” gazetasining 2025 yil 14 yanvar, 7-sonidan olindi).