Tengdoshini tahqirlagan o‘smirlar ma’muriy javobgarlikka tortildi
Internet tarmog‘i foydalanuvchilari orasida o‘smirlar tiz cho‘kkan tengdoshini tahqirlaganliklari tushirilgan video tarqamoqda.
Toshkent shahar IIB ushbu video yuzasidan qo‘yidagilarni ma’lum qildi.
Joriy yil 13 aprel kuni internetda ushbu video paydo bo‘lgach, tahqirlangan voyaga yetmagan A.Sh.ning onasi Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB 9-ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, tegishli chora ko‘rishni so‘radi.
Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 25 mart kuni taxminan soat 15:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 219-maktab yonida 17 yoshli Davron X. va 16 yoshli Otabek I.lar ularni so‘kkan A.Sh.ning ta’zirini bermoqchi bo‘lishgan. Ular rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan A.Sh.ni tiz cho‘kishga va kechirim so‘rashga majbur qilib, uning boshiga ikki marta urgan. Shu bilan birga, o‘smirlarda karantin davrida tibbiy niqoblari bo‘lmagan.
Belgilangan sud-tibbiy ekspertiza davomida A.Sh.da tan shikastlari aniqlanmadi. Shu sababli jinoiy ish qo‘zg‘atilmadi.
Ammo o‘smirlarning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar kuzatilgan.
Mazkur faktlar asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. To‘plangan ma’lumotlar Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudiga yo‘naltirildi.
23 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudida yig‘ilish o‘tkazildi. Sud o‘smirlar va ularning ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ko‘rsatmalari eshitilgach, sud Davron X. va Otabek I.larni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularning har biriga 1 115 000 so‘mdan jarima soldi.
Bundan tashqari, Davron X. va Otabek I.lar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBning profilaktik hisobiga kiritildi.